2019-yilning 9-avgust kuni Jizzax viloyati Forish tumani hokimligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 2-iyul kuni qabul qilingan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar qiladi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda tashkil etildi.
Unda senator va deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, viloyat va tuman hokimliklari vakillari, olimlar, mutaxassislar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda mazkur qonunning maqsadi, ahamiyati va asosiy yo‘nalishlari batafsil ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishni ta’minlovchi yangi joriy etilayotgan institutlar va tizimlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishning huquqiy asoslarini yaratishga, atom energiyasi to‘g‘risidagi normalar va qoidalarni unifikatsiyalashga, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda fuqarolar va yuridik shaxslar xavfsizligini ta’minlashning samarali mexanizmlarini milliy qonun hujjatlariga tatbiq etishga qaratilgandir.
Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligi, xavfsizlikning ta’minlanishi, axborotning ochiqligi, yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning taqiqlanishi atom energiyasidan foydalanishning asosiy prinsiplari ekani uqtirildi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan qonun atom energiyasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasidagi yagona davlat siyosatini va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etishi qayd qilindi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “Yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlashda malakali kadrlar tayyorlashning muhim vazifalari: amaliyot, muammolar va ularning yechimi” mavzusidagi konferensiya ham o‘tkazildi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi va Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi, shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan tashkil etildi.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, mamlakatning mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan faol investitsiya siyosati, shu bilan birga, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yildan yilga energiya resurslariga ehtiyoj ortib bormoqda. Bu esa iqtisodiyot va ijtimoiy sohani ishonchli va samarali quvvat manbalari bilan ta’minlashni talab qilmoqda.
Bugungi kunda respublika energiya manbai sifatida tabiiy gazga qaram, chunki aynan shu resursdan foydalanish elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 85 foizini tashkil etadi. Buni inobatga olib, O‘zbekiston Hukumati mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash uchun energetika tarmog‘ini rivojlantirishning turli variantlarini ko‘rib chiqdi. Bunda asosiy yo‘nalish sifatida mamlakatda yadro energetikasi tarmog‘ini shakllantirish vazifasi ustuvor etib belgilandi.
Bunday qarorni qabul qilishda O‘zbekiston Hukumati tomonidan ko‘pgina omil va holatlar hisobga olindi. Ular orasida energetik xavfsizlikni ta’minlash zarurati, atrof-muhitga uglerod tashlanmalarini kamaytirish, atom elektr stansiyalari faoliyatining xavfsizlik ko‘rsatkichlariga ishonchning ortishi, yadro energetikasining iqtisodiy jihatdan samardorligi va raqobatbardoshligi kabi omillarni sanab o‘tish mumkin. Natijada O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan 2018-yilning yanvar oyida mamlakatda AES qurish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va mazkur yilning sentabr oyida Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning (MAGATE) xavfsizlik bo‘yicha barcha talablariga javob beruvchi quvvati 2 400 MVt bo‘lgan ikkita energiya blokidan iborat “3+” avlod atom elektrostansiyasini qurish to‘g‘risida bitim imzolandi. Ushbu obyekt geografik joylashuv va boshqa zarur omillar nuqtai nazaridan qulay bo‘lgan hudud — Jizzax viloyati Forish tumanida qurilishi rejalashtirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish maqsadida, mamlakatda zarur salohiyatni shakllantirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik ishlab chiqilmoqda, yadroviy va radiatsion xavfsizlikni boshqarish tuzilmasi takomillashtirilmoqda. Bunda, ayniqsa, O‘zbekiston uchun yangi sohada malakali kadrlar tayyorlash masalasi davlatning diqqat markazida turibdi.
Ta’kidlanganidek, atom energetikasi sohasida kadrlarni o‘qitish va tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Toshkent shahrida “MIFI” Milliy yadro tadqiqot instituti filiali tashkil etilib, u birinchi talabalarni 2019/2020-o‘quv yilidan qabul qiladi. Hozirgi paytda Moskva shahridagi “MIFI” Milliy yadro tadqiqotlari institutiga atom energetikasi sohasida ma’lumot olish uchun 56 nafar talaba yuborilgan bo‘lib, ularning soni yil sayin ko‘payib borishi rejalashtirilmoqda.
Anjumanda ushbu masalaga urg‘u berilar ekan, yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash va atom energiyasidan foydalanish sohasida iqtidorli kadrlarni tayyorlash, mavjud kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi uqtirildi. Shuningdek, MAGATE tashkilotining o‘quv kurslari, seminar va malaka oshirish tadbirlarida respublika mutaxassislari muntazam ishtirok etishini ta’minlash muhimligiga e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, radiatsiyaviy xavfli obyektlari ishchi-xizmatchilarini hamda avariya-qutqaruv tuzilmalari shaxsiy tarkiblarini avariyalarni bartaraf etish bo‘yicha kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish choralarini ko‘rish lozimligi ham ta’kidlandi.
Anjumanda muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi.
Izoh (0)