Surxondaryo viloyatidagi DXX Chegara qo‘shinlari huzuridagi “Termiz Daryo Porti” kompaniyasining kemalarni ta’mirlash ustaxonasida O‘zbekiston tarixida birinchi shatakchi kema qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tashkil etilganiga 63 yil bo‘lgan Termiz daryo porti bir oyda o‘rtacha 25 ming tonna turli xalq xo‘jaligi yuklarini o‘tkazish imkoniyatiga ega. Buyuk alloma at-Termiziy nomi berilgan yangi shatakchi kema bir yo‘la 800 tonna yukni tashish quvvatiga ega bo‘lib, O‘zAning qayd etishicha, “portning xizmat ko‘rsatish salohiyatini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir”. Kema qariyb 11 oyda qurib bitkazilgan. Korroziya suvdagi kema qobig‘ini yemirmasligi uchun maxsus buyoq ishlatilgan.
“Ustaxonamizda mamlakatimiz tarixida birinchi marta qurilgan kema bizning imkoniyat va salohiyatimizni jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Barcha vazifalarni ustaxonamiz ishchilari tez, sifatli amalga oshirdi. O‘z mablag‘imiz hisobidan bajarilgan bu loyiha kelgusida mamlakatimizning maxsus kemalarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek daryo va suv omborlari uchun baliqchilik kemalari, turistik katerlar qurish imkoniyatimiz mavjudligini amalda keng namoyon etdi”, — deydi “Termiz Daryo Porti” kompaniyasi bosh muhandisi Norquvvat Shonazarov.
O‘zAning yozishicha, “Termiz Daryo Porti” kemalarni ta’mirlash ustaxonasi nafaqat daryo portida mavjud daryo transporti, balki harbiy qismning suzish vositalari va jangovar texnikalarini sifatli ta’mirlab, suzish vositalarining hamisha soz holatda bo‘lishini ta’minlamoqda, chegarachilarning jangovar tayyorgarligini qo‘llab-quvvatlamoqda. “Yangi qurilgan ‘TD-600’ rusumli shatakchi kema Termiz daryo portida hozir foydalanilayotgan suv transportlaridan ikki baravar kuchliligi bilan ham ishtirokchilarda katta qiziqish o‘yg‘otdi”, — deyiladi xabarda.
Xavfsizlik Kengashi kotibi Viktor Mahmudov, DXX raisi o‘rinbosari – Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Ruslan Mirzayev ishtirok etgan tantanali tadbir yakunida O‘zbekistonda qurilgan “At-Termiziy” nomli yangi shatakli kema Amudaryoga tushirilgan.
Izoh (0)