Bugun, 1-avgust kuni Shahrisabzdagi Madaniyat saroyida Birinchi Xalqaro Geoturizm forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb ma’lum qiladi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.
Tadbir ochilishida ko‘zga ko‘ringan olimlar, geologiya va mineral resurslar sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar ishtirok etdi.
“Birinchi Geoturistik forumning Kitob davlat geologiya qo‘riqxonasi hududida o‘tkazilishi ramziy ahamiyatga egadir, zero dunyo okeanidan quruqlikka chiqqan hayotning boshlanish joyi mamlakatimizda geoturizmni rivojlantirish uchun ayni muddaodir.
Forumni o‘tkazishdan maqsad O‘zbekistonda geo- va paleo-turizmni rivojlantirish uchun yangi istiqbol va imkoniyatlarni ochish, jahonning geologiya va paleontologiya ilm markazlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatish, ilmiy va amaliy tajriba almashish, yangi turistik mahsulotlarni yaratish, mavjud turistik dasturlarni boyitishdan iboratdir”, — dedi Ulug‘bek Qosimxo‘jayev.
O‘zbekiston Respublikasining Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi davlat qo‘mitasi Mineral xomashyo bazasini ishlab chiqarish va rivojlantirish ekologik boshqarmasi boshlig‘i Asror Rustamov tadbir ishtirokchilariga noyob qo‘riqxonaning tarixi haqida so‘zladi.
“Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi O‘zbekistonning muhofazadagi noyob tabiiy zonalaridan biri hisoblanadi. Qo‘riqxonaga 1979-yilda asos solingan bo‘lib, u dengiz jonivorlari va o‘simliklarinining stratigrafik kesmalari va qadimiy qoldiqlarini qo‘riqlash uchun maxsus yaratilgan.
Paleozoy kesmalari bu yerda juda qiziq geologik shakl hosil qiilgan bo‘lib, Yerning 130—170 million yillik geologik tarixiga oid boy va betakror ma’lumotlarni o‘zida saqlaydi”, — deya ta’kidladi u.
Shundan so‘ng mahalliy va xorijiy olimlarning chiqishlari tashkil etilib, ular “O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlantirishda milliy maqsad va vazifalar hamda zamonaviy geoturizm”, “Geoparklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali geoturizmni rivojlantirish va bunda YUNESKOning geofanlar va geoparklarga oid xalqaro amaliy tajribasidan foydalanish” kabi mavzularni o‘z ichiga qamrab oldi.
Uch kun davomida forum ishtirokchilari “Zinzilbog‘” geoturistik marshrutining ochilishi, Kitob kenglik stansiyasiga tashrif, jahon olimlari ishtirokidagi ilmiy anjumanlar, kelishuvlarning imzolanishi va boshqalar kutmoqda.
Izoh (0)