O‘zbekiston Prezidentligiga sobiq nomzod Abdulhafiz Jalolov 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Abdulhafiz Jalolov 1947-yilda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida, Birlashgan qishlog‘ida tug‘ilgandi. 1969-yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. 1976-yilda falsafa fani bo‘yicha nomzodlik, 1992-yili doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan.
Falsafa va siyosatshunoslik bo‘yicha 450 dan ortiq ish, jumladan, “Inson omili: falsafa, mafkura, siyosat”, “O‘zbekiston: mustaqillik, man’naviyat, mafkura”, “Mustaqillik mas’uliyati”, “Istiqbol ufqlari” kabi monografiyalar mualifi bo‘lgan. Ilmiy ishlari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlarda chop etilgan.
1971-yildan e’tiboran ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullangan.ToshDU falsafa kafedrasi o‘qituvchiligidan Falsafa va huquq instituti direktorligigacha (1993-yildan) bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. 1994-yilda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi birinchi kotibi etib saylangan.
2000-yil yanvarida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Islom Karimovga yagona muqobil raqib bo‘lgandi. Jalolov mazkur saylov payti amaldagi davlat rahbari uchun ovoz berganini bildirgan.
2001-yilda Falsafa va huquq instituti direktorligi, 2003-yilda XDP Markaziy kengashi birinchi kotibligidan ozod etiladi. Shundan so‘ng Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda Oliy pedagogika instituti professori lavozimlarida ishlaydi.
4 farzandning otasi, 12 nabiraning bobosi edi.
Abdulhafiz Jalolov 2019-yil 29-iyul kuni Namangandagi o‘zi tug‘ilib-o‘sgan qishloqda dafn etildi.
Izoh (0)