Bugun bozorlarni milliy mahsulotlar bilan to‘ldirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarishni rivojlantirishga juda katta e’tibor berilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Shu asnoda milliy mahsulotlarni yaratuvchi milliy brendlar ham anchagina ko‘payib, o‘z nomi va dovrug‘i bilan kerak bo‘lsa, jahon bozorlariga chiqmoqda.
Ammo ba’zi kompaniyalarning ishlab chiqarayotgan tovarlari sifat talablariga javob bermasligi natijasida Made in Uzbekistan nomiga dog‘ tushirmoqda.
Yozning jazirama kunlarida insonlarning muzlatgich, havo sovitgich kabi mahsulotlarga ehtiyoji ortadi. Shu boismi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlar ichida aynan muzlatgich va konditsionerlarni sotib olib, so‘ngra uning sifatsizligidan norozi bo‘layotganlar soni oshib ketdi.
Ayniqsa, Artel kompaniyasi ishlab chiqarayotgan mahsulotlar yuzasidan ko‘plab noroziliklar kuzatilmoqda. Quyida ushbu murojaatlardan ba’zilari havola etiladi.
Farg‘onalik D.Sariboyeva “Mohigul yuksalish savdo” do‘konidan 2 mln. 100 ming so‘mga muzlatgich sotib oladi, uni ishlatish jarayonida yaxshi ishlamaganligi sababli savdo do‘koni mas’uliga qo‘ng‘iroq qiladi.
Mas’ul xodim Artel rusumli muzlatgich bo‘lganligi sababli mazkur kompaniyaning Farg‘ona shahridagi servis markaziga yozma ravishda murojaat qilishlarini aytadi.
Servis xizmatidan mutaxassis kelib, tuzatib ketgandan so‘ng ham muzlatgich yaxshi ishlamaydi. Bundan jahli chiqqan D.Saribayeva Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qiladi.
Federatsiya xodimlari do‘kon ma’muriyati va servis xizmati xodimlariga tushuntirish ishlari olib borib, ishga qonuniy yondashganlaridan so‘ng servis markazi mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan qayta o‘rganish jarayonida muzlatgichda bartaraf qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan nuqson aniqlanib, kafolat muddati ichida bepul ta’mirlab berildi.
Iste’molchi ta’mirdan so‘ng muzlatgichni talab darajasida, muammosiz ishlayotganligini ma’lum qildi.
Angrenlik Botirbek Qambarov “Navoiy” ko‘chasidagi do‘konlarning biridan Artel muzlatgichini 2 mln. 360 ming so‘mga xarid qilib olgan.
Oz fursatda muzlatgich nosozligi ma’lum bo‘lgan. Bundan norozi bo‘lib, do‘konga murojaat qilganida, tuzatish uchun servis xizmatlariga bog‘lanishlarini bildirib, muammoni o‘zlaridan soqit qilgan.
Ushbu masalaga yechimini topish maqsadida sarson-sargardon bo‘lgach, Botirbek Qambarov Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga kelib, muammosini aytadi.
Ushbu holat federatsiya xodimlari tomonidan o‘rganildi. Holat aniqlangach, uch kundan so‘ng mutasaddilar iste’molchi bilan “Navoiy” ko‘chasidagi do‘konga kelib, ishdan chiqqan muzlatgichning o‘rniga xuddi shu rusumdagi yangi muzlatgichni tekshirib, almashtirib berishdi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga koreyalik fuqaro janob K.Xan murojaat qilgan. U joriy yil 21-iyun kunida Farg‘ona shahridagi supermarketlarning biridan 2 dona Artel konditsionerini umumiy 5 mln. 642 ming so‘mga sotib olgan. Lekin konditsionerni o‘rnatgach, ertasi kuni ulardan birida muammolar kuzatilgan.
K.Xan sotib olingan mahsulot havoni yaxshi sovitmayotganligi yuzasidan servis markazi xodimlariga ma’lum qilgan. Markaz ustalari esa muammoni bartaraf eta olmagan. Shundan so‘ng savdo do‘koniga borib, nuqsonli konditsionerni sifatlisiga almashtirib berishlarini yoki pulini qaytarishlarini so‘ragan. Lekin murojaati ijobiy hal bo‘lmaganligidan norozi bo‘lgan.
Federatsiya xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida, iste’molchining istagiga ko‘ra, nuqsonli tovar qaytarib olinib, xuddi shu markadagi sifatlisiga almashtirib berildi.
“Muammoni qisqa muddatda hal qilib berganliklari uchun O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasidan minnatdorman. O‘zbekistonda bunday tashkilot borligidan xursandman”,— deydi Janubiy Koreya fuqarosi K.Xan.
Ma’lumki, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Koreya iste’molchilar agentligi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan bo‘lib, mazkur kelishuv doirasida har ikki tashkilot Koreyada O‘zbekiston, O‘zbekistonda esa Koreya fuqarolariga iste’molchilik huquqlariga oid masalalarda amaliy ko‘mak berib kelmoqda.
Izoh (0)