Xabaringiz bor, bundan bir necha kun oldin oxirgi paytlarda Samarqand viloyatida, ayniqsa Urgut tumanida bu tumanga berilayotgan energiya viloyatdan tez-tez o‘chirilayotgani tanqid qilinib, buning oqibatida nasoslar yordamida uzumzorlarini sug‘oradigan fermer va dehqonlar qiynalib qolayotgani haqida yozib, joylarda elektr ta’minotiga mas’ul bo‘lgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisi Ulug‘bek Mustafoyevga ochiq xat tarzida yozilgan maqola e’lon qilingan edi. Muallif G‘ayrat Yo‘ldosh ushbu maqoladan so‘ng bo‘lgan voqealar haqida hikoya qiladi.
Shundan so‘ng “Hududiy elektr tarmoqlari” mas’ullari men bilan aloqaga chiqib, Ulug‘bek Mustafoyev nomiga yozilgan xatda manzilda adashganimni, aynan viloyatlar bo‘ylab, shuningdek, tumanlarga tortilgan katta magistral tarmoqlarda energiyani uzib qo‘yish “Hududiy elektr tarmoqlari” vakolatiga kirmasligini, bu vakolat yana bir alohida tashkilot – “Milliy elektr tarmoqlari” AJga qarashini va Samarqand viloyatida qandaydir tumanga borayotgan energiya viloyatdan o‘chirilganda “Milliy elektr tarmoqlari”ning Samarqanddagi dispetcherlik markazidan o‘chirilishini bildirdi. Menga bir telefon raqam berishdi va “Urgutda, butun tumanda chiroq o‘chganda mana shularga qo‘ng‘iroq qilib so‘rang, Urgutga tortilgan magistral tarmoqdan energiyani shular uzadi. Aynan shu dispetcherlik markazi to‘g‘ridan to‘g‘ri ‘Milliy elektr tarmoqlari’ bosh ofisiga bo‘ysunadi”, deyishdi.
Kechki soat 21:00 larda butun tumanda chiroq o‘chganda o‘sha raqamga qo‘ng‘iroq qildim. Javob bergan kishi o‘zini tanishtirmadi va “Urgutda chiroqni nega o‘chirayapsizlar?” deb unga “Daryo”da chiqqan tanqidiy maqolam haqida eslatdim. Shu payt u “Qo‘ng‘iroqni uzmay turing, hozir eshitasiz, buyruq beraman va hozir boshqa tumanni o‘chirib Urgut tumanini yoqadi” dedi-da, ruschalab kimgadir “Falon liniyani o‘chir, falon liniyani yoq, Urgutda hammayoqda chiroq yonsin” deb buyruq berdi (bu haqda audioyozuv bor). Shu onda chirog‘imiz yondi.
Shundan so‘ng ertalabdan masalani oydinlashtirish uchun, shuningdek, “Milliy elektr tarmoqlari” xodimlari bilan bog‘lanib, vaziyatni bilish maqsadida bu tashkilotning bog‘lanish raqamlarini qidira boshladim. Meni hayratlantirgani, tashkilot idorasi, manzili haqida internetda umuman ma’lumot yo‘q yoki men rosa qidirib ham topa olmadim. Keyin bilsam, hali bu tashkilotning matbuot xizmati ham tashkil etilmagan ekan.
Yaxshi odamlar yordamida tashkilot qabulxonasining telefon raqamini topdim va qabulxona bilan bog‘lanib, Samarqand viloyatida oxirgi o‘n kun ichida energiya ta’minoti juda yomonlashgani, oxir-oqibat bu haqda “Daryo”da maqolam chiqqani, maqola e’lon qilingandan so‘ng “Hududiy elektr tarmoqlari” katta magistral tarmoqlarda energiyani uzib qo‘yish bilan “Milliy elektr tarmoqlari” shug‘ullanishini ma’lum qilganini aytib, meni ushbu AJ rahbari yoki o‘rinbosari yoki bosh muhandisi bilan bog‘lab berishni iltimos qildim.
“Hozir majlis bo‘lyapti, birpasdan keyin qo‘ng‘iroq qiling, ulab beraman”, degan javob bo‘ldi. Aytilgan vaqtda yana qo‘ng‘iroq qildim. Menga tashkilotning Ijro intizomini nazorat qilish va ishlarni yuritish boshqarmasi boshlig‘i Shamsiyev Habibullo Omonovichni ulab berishdi. Unga vaziyatni tushuntirdim. Ammo, Shamsiyevning aytishicha, “Milliy elektr tarmoqlari”ning viloyatlarda energiyani uzib qo‘yadigan dispetcherlik markazlari yo‘q ekan. Ular faqat halokat yoki boshqa shunga o‘xshagan holatlar sodir bo‘lganida Toshkentdan magistral tarmoqlarda energiyani o‘zishga vakolatlari bor ekan.
“Unda Samarqand viloyatidagi dispetcherlik markazlaringchi?” degan savolimga ikkinchi marta ham “viloyatlarda dispetcherlik markazlarimiz yo‘q”, degan javobni oldim. Shamsiyevga ko‘ra, viloyatlarda ham, tumanlarda ham energiya uzib qo‘yish faqat “Hududiy elektr tarmoqlari” vakolatiga kirar ekan.
Shamsiyevga bir kun oldin kechki payt “Milliy elektr tarmoqlari”ning Samarqanddagi dispetcherlik markazi bilan gaplashganimni va dispetcherlardan biri menga eshittirib oldidagi xodimga “Boshqa tumanni o‘chir, Urgutni to‘liq yoqib yubor” deb buyruq bergani haqida aytsam, amaldor mendan o‘sha dispetcherlik markaziga qo‘ng‘iroq qilgan raqamimni so‘radi. Raqamni berdim.
“Hozir aniqlay qani, kim ekan bu, keyin gaplashamiz”, deb qo‘ng‘iroqni uzdi. Birozdan keyin yana qabulxonaga qo‘ng‘iroq qilib, kotibaga Shamsiyev bilan gapimiz chala qolganini, u bilan qayta ulab berishini iltimos qildim. Ammo, kotibaning aytishicha, rahbariyat va mutasaddilar zudlik bilan muhokamaga yig‘ilganini va nimalarnidir muhokama qilib, “Mabodo boyagi odam qo‘ng‘iroq qilsa, unga ayt, Energetika vazirligiga qo‘ng‘iroq qilsin”, deb aytishgan ekan. Shu tariqa suhbat chala qoldi. Shundan so‘ng “Milliy elektr tarmoqlari” kotibasiga shuncha iltimos qilsam ham, meni mutasaddilardan birontasi bilan qayta bog‘lamadi.
Hayron qoldim. Chiroq o‘chyaptimi, o‘chyapti. Kimdir yoki qaysidir tashkilot o‘chiryaptimi, o‘chiryapti. Qaysidir og‘iz “falon joyning chirog‘ini o‘chir”, deb buyruq beryaptimi, beryapti. Qaysidir qo‘l chiroqni o‘chirish uchun tugmani bosyaptimi, bosyapti. Ammo, hech kim chiroqni “biz o‘chiryapmiz” deb tan olmayapti. Rosa g‘alati bo‘larkan. Ya’ni butun boshli tumanlar chirog‘ini 4–5 soatlab uzib qo‘yishadi-da, o‘chiradigan tashkilotning ham, buyruq beradigan odamning ham kimligi noma’lum. “Hududiy elektr tarmoqlari” mutasaddilari “ayb bizda emas” deb muloqotdan qochmayapti. “Milliy elektr tarmoqlari” mutasaddilari esa na izoh beradi, na muloqotga rozi bo‘ladi, shunchaki dumini ham tutqazmayapti. Shundan ham joylarda chiroq kim tomonidan buyruq berilib o‘chirtilayotgani ma’lum bo‘lib qoldi.
Bir kun oldin, kechki payt qo‘ng‘iroq qilganim “Milliy elektr tarmoqlari”ning Samarqanddagi dispetcher markazining raqamiga yana qayta qo‘ng‘iroq qildim. Bu safar boshqa odam ko‘tardi. Unga o‘zimni tanishtirib, men bilan bir kun oldin kechki payt gaplashgan va yonidagi odamga buyruq berib, “boshqa joylarni o‘chir va Urgut tumani chirog‘ini to‘liq yoq” degan odamni so‘radim. Qo‘ng‘iroqqa javob bergan dispetcherning aytishicha, ular o‘rin almashtirib ishlar ekan va u ertalab bu odamga o‘rnini topshirib ketibdi.
Qo‘ng‘irog‘imga javob berayotgan odamdan Samarqanddagi dispetcherlik markazi kimga bo‘ysinishini so‘radim. “Magistral tarmoqlarga” deb javob berdi. Unga “‘Hududiy elektr tarmoqlari’ni bilaman, ‘Milliy elektr tarmoqlari’ni bilaman, Magistral elektr tarmoqlari shulardan qaysi biriga bo‘ysunadi?” desam, “‘Milliy elektr tarmoqlar’ga” dedi (buning ham audioyozuvi bor).
Shundan so‘ng unga “Sizlarga magistral tarmoqlarda chiroqni o‘chir deb kim buyruq beryapti?”, desam, “Bizga hech kim buyruq bermaydi va biz o‘chirmaymiz”, dedi. Shu yerda taxmin qildim, biroz avval Shamsiyevga bularning raqamini bergan edim, men qo‘ng‘iroq qilib gaplashayotganda bosh idoradan kimdir ularga nimadir dedi. Aks holda oldiniga men bilan yaxshi muomalada bo‘lib turgan odamning ikkinchi bir telefon qo‘ng‘irog‘iga javob berib, so‘ng ortidan birdaniga qo‘rslashib telefonni o‘chirib qo‘yganini qanday tushunish kerak?!
Unga “Kecha sizni o‘rningizdagi odam meni o‘zimga ko‘rgazmali chiqishday qilib, ‘telefoningni o‘chirmay tur, hozir buyrug‘imni eshitasan va chirog‘ing yonadi’ deb kimlargadir ruschalab ‘boshqa joylarni o‘chir, Urgut tumanini to‘liq yoq’ deb buyruq berdiku”, desam, “Men sen kim bilan gaplashganingni bilmayman, seni ham tanimayman, uni ham”, dedi va telefonni o‘chirdi. Qayta bog‘lanishga urinishlarim behuda ketdi, qaytib qo‘ng‘irog‘imga javob bermadi.
Shundan so‘ng Shamsiyevning “viloyatlarda dispetcherlik markazlarimiz yo‘q” degani, “Hududiy elektr tarmoqlari” esa “Milliy elektr tarmoqlari”ning Samarqandda dispetcherlik markazi bor deganini o‘rganish uchun Samarqanddagi “Milliy elektr tarmoqlari” AJga qarashli dispetcherlik markazi haqida so‘rab surishtirdim. Shamsiyev bilan suhbatlashganimizda u viloyatlarda dispetcherlik markazlari yo‘q deb bir tarafdan to‘g‘ri gapirgan ekan, ikkinchi tarafdan esa yolg‘on gapirgan. Gap shundagi, “Milliy elektr tarmoqlari”ning Samarqandda dispetcherlik markazi haqiqatan bor ekan, lekin u “Janubiy-G‘arbiy magistral elektr tarmoqlari dispetcherlik markazi” deb nomlanib, nafaqat Samarqand viloyatiga, balki Buxoro, Navoiy, Surxonlaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi barcha yirik magistral tarmoqlarni nazorat qilar ekan va aynan Urgut tumaniga tortilgan magistral tarmoq ham shularning nazoratida ekan. Ammo negadir buni “Milliy elektr tarmoqlari” bosh idorasidagilar mendan bekitishga urindi. Bekitishga uringani uyoqda tursin, hatto borligini ham inkor qildi.
“Milliy elektr tarmoqlari” AJ bugun O‘zbekiston bo‘ylab bir nechta magistral elektr tarmoqlari dispetcherlik markazlari ochib, ularning har biriga Samarqanddagiday bir nechta viloyatni biriktirib, ana o‘sha dispetcherlik markazlari orqali butun O‘zbekistondagi energetika tizimini nazorat qilar ekan. Magistral elektr tarmoqlar orqali butun boshli tumanlarni faqat shularni buyrug‘i bilan chiroqsiz qoldirishyapti.
Keyintoq yana “Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari” xodimlari bilan gaplashdim. Ularning aytishicha, hozir “Hududiy elektr tarmoqlari”ning har bir viloyatda o‘z dispetcherlik markazlari bor. Ammo ular magistral elektr tarmoqlardagi energiyaga egalik qila olmaydi va bevosita “Milliy elektr tarmoqlari”ning hududiy magistral elektr tarmoqlari dispetcherlik markazlari yetkazib bergan energiyani iste’molchiga yetkazib beryapti.
Shuningdek, viloyatlar bo‘ylab turli hududlarga tortilgan magistral tarmoqlarda uzatilayotgan energiyani uzish buyrug‘ini ham aynan “Milliy elektr tarmoqlari”ning hududiy magistral elektr tarmoqlari dispetcherlik markazlari beradi. “Hududiy elektr tarmoqlari”ning viloyat hududiy elektr tarmoqlari esa bu jarayonda tomoshabin ekan xolos.
Ming inkor qilishmasin, joylarda energiyaning uzib qo‘yilishiga buyruqni “Milliy elektr tarmoqlari” va uning hududlardagi magistral elektr tarmoqlari dispetcherlik markazlari mutasaddilari berayotgani oshkor bo‘ldi. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi deganlariday, tashkilot mutasaddilari o‘zlaricha “viloyatlarda dispetcherlik markazlarimiz yo‘q” deb yolg‘on gapirib, o‘zlarini tanitishni istamay, O‘zbekistonda energetika ta’minotining boshqaruv pulti o‘zlarida ekanini isbotladi.
Endi mening da’voim Ulug‘bek Mustafoyevga emas, “Milliy elektr tarmoqlari” AJ raisi Dadajon Aynaqulovich Isaqulovga bo‘ladi.
Shu topda shu gaplarni yozayotganimda ham Urgutda chiroq viloyatdan o‘chirib qo‘yilgan edi. To‘g‘rimda fermer-dehqonlarning nasos orqali sug‘oriladigan bog‘lari ko‘rinyapti. Bilmadim, bunaqada dehqon-fermerlarning ahvoli oxiri nima bo‘larkin.
O‘n kundan beri nega Samarqand viloyatida, jumladan, Urgut tumanida chiroq ko‘p o‘chirilyapti yoki chiroq o‘chishi haqida murojaatlar bo‘lyapti, mamlakatimizning aksar hududlarida soatlab elektr energiyani uzib qo‘yishyapti, sabablarini o‘rganar ekanman, energetika sohasida ishlayotgan ayrim xodimlar o‘zlarini tanitishni va ovozlarini yozib olishimni xohlamay ma’lumot berdi. O‘sha ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi kunlarda ro‘y berayotgan energetika cheklovlarining turli sabablari borligini, masalan, yozda havo nihoyatda qattiq issiq ketganiga aholi tomonidan uylarga tobora ko‘proq konditsioner o‘rnatilayotgani va shu tufayli energiyaga talab nihoyatda oshib borayotgani, mart, aprel oylariga nisbatan iyun, iyul oylarida energiyaga talab ikki baravar oshib ketganini, ana shunday holatda energiya yetkazib berish oson bo‘lmayotganini aytishdi. Afg‘onistonga eksport qilinayotgan energiya miqdorini esa kamaytira olishmas ekan. Shuningdek, hatto IESlarga sifatli gaz berilmay, buning natijasida ular ishlab chiqarayotgan energiya miqdori kamayishi mumkinligi, shu tufayli ham energiya yetkazib berishda muammolarga duch kelinayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida gapirishdi.
Xo‘p, shunday ham bo‘lsin deylik. Bunga dalada mehnat qilayotgan bechora dehqon-fermerlarning nima daxli va nima aybi bor? Hozir, hali uni bahona qilib, hali buni bahona qilib energiyani uzib qo‘yaverishsa, bechora dehqonning bir yillik mehnati yo‘qqa chiqib, uyi kuyib ketadiku! Nahotki buni o‘ylaydigan odam bo‘lmasa?!
Keling, yuqoridagi kabi hozir mart, aprel oylaridagiga qaraganda energiya iste’moli ikki baravarga oshgan ham deylik. Xo‘sh, tadbirkorlarimiz ishining beliga tepib, to‘xtatib, dehqon-fermerlarning ekinlari nobud bo‘lishiga sababchi bo‘lib, ularni xonavayron bo‘lishini tomosha qilib o‘tirishdan ko‘ra, Afg‘onistonga energiya eksport qilish haqida shartnoma tuzilayotganda hech bo‘lmaganda dehqon-fermerlarni o‘ylab 20-iyundan 10-avgustgacha bo‘lgan muddatda ularga boshqa oylarga nisbatan kamroq energiya berishi oylashsa bo‘lmasmidi?
Yoki o‘zbekistonlik tadbirkor chiroq o‘chaverishi tufayli xonavayron bo‘laversin, dehqon va fermerlarning hosili suvsizlikdan nobud bo‘lib, o‘zlari xonavayron bo‘lib ketaversin, aholi chiroqsiz o‘tirib qiynalaversin-u, Afg‘onistonga eksport qilinayotgan energiya tufayli boshqalarning xonavayron bo‘lib kuyishi ortidan bo‘lsa ham jaraq-jaraq dollar tushaversinmi? Bunaqada sho‘ring qurg‘ur dehqon va fermerlarning kuni qachon kun bo‘ladi?
Otam dehqon, bobom dehqon o‘tgan. O‘zim ham dalaga begona emasman. Esimni taniganim Urgut tumanida nasoslar yordamida sug‘oliladigan yerlarni, uzumzor bog‘larni sug‘orish azob bo‘lib kelyapti. Fermerdan ijaraga olgan uzumzor bog‘ini sug‘orish uchun uydan chiqayotgan dehqon uydagilar bilan xuddi armiyaga ketayotganday xayrlashib chiqadi. Sababi, uncha katta bo‘lmagan bog‘ini sug‘orish uchun haftalab uyga kelmay dalada yurishi kerak. Buning ustiga, suv uchun vaqt kam qolgani tufayli “oldin men sug‘oraman, keyin sen sug‘orasan” deb janjallar chiqishi dehqonlarning tinkasini quritib bo‘ldi. Hali nasos kuyadi, uni tuzatib kelsa chiroq o‘chadi yoki yana nimadir bo‘ladi.
Qisqacha aytganda, Urgutdagi va boshqa tumanlardagi bog‘larni yozda sug‘orish ming azob, ming mashaqqat bilan bo‘lib kelgan va hanuz shunday bo‘lib qolyapti. Oxirgi uch yilda ko‘p narsa o‘zgardi, ammo Urgutdagi uzumzor bog‘larni sug‘orish mashaqqati o‘zgarmadi. Agar bog‘larga suv kerak bo‘ladigan ayni saratonda mana shunaqa qilib chiroqni uzib qo‘yaverishsa, nafaqat Urgutda, balki Samarqand viloyatida, mamlakatimizda nasoslar bilan sug‘oriladigan yerlarni, bog‘larni sug‘orish mashaqqati haliveri o‘zgarmaydi. Samarqand Toshkent bozorlariga eng ko‘p mayiz yetkazi beradigan viloyatligini inobatga olsak, bu holat butun respublika, jumladan, poytaxt aholisining cho‘ntagiga va hamyoniga ta’sir o‘tkazadi.
Yuqorida yozdim, men savollarimga “Milliy elektr tarmoqlari” mutasaddilaridan yetarlicha javob ololmadim. Oxirgi olgan javobim “Savoling bo‘lsa Energetika vazirligiga chiq” degan gap bo‘ldi.
Ammo Energetika vazirligiga chiqmayman. Agar insofi, vijdoni bo‘lsa, o‘zlari chiqsin xalq oldiga. Qilmishlariga izoh bersin va o‘z bog‘larini, ekinzor yerlarini nasoslar yordamida sug‘oradigan dehqon va fermerlarga, tadbirkorlarga yo‘q izoh bermasin, vaqtida energiya yetkazib bersin. Aks holda ko‘pni qarg‘ishi yomon bo‘ladi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)