Havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida ko‘pchilik fuqarolar dam olish kunlarini Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi dam olish maskanlarida o‘tkazmoqda.
Toshkent viloyati IIB YHXB Matbuot xizmati ma’lum qilishicha, shu sababli Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi “Bektemir — Chirchiq — G‘azalkent — Chorbog‘” yo‘lida avtomobil oqimi keskin ko‘paygan. Bu yo‘lda yo‘l harakat xavfsizligini ta’minlash, turli yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari (fotoradar) onlayn rejimda ishlamoqda.
O‘tgan hafta dam olish kunlarida ushbu fotoradarlar orqali 1436 tezlikni me’yoridan oshirish holati aniqlandi. Aniqlangan qoidabuzarliklarni sodir etgan fuqarolarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilmoqda.
Jumladan, aholi yashash joyida tezlikni 110 km/soatdan oshirgan 84 fuqaroga EKIHning 9 barobarida, 90 km/soatdan oshirgan 430 fuqaroga EKIHning 5 barobarida, 70 km/soatdan oshirgan 922 fuqaroga EKIHning 1 barobarida jarima belgilandi.
Belgilangan jarimalar to‘g‘risidagi qarorlar “O‘zbekiston pochtasi” AJning ma’lumotlarni qayta ishlash markazi orqali qoidani buzgan haydovchi yoki yuridik shaxsning manziliga yetkazildi.
Ta’kidlash kerakki, 1436 qoidabuzar haydovchining 945 nafari Toshkent shahrida, 387 nafari Toshkent viloyatida, 104 nafari respublikaning boshqa viloyatlarida istiqomat qiladi.
Izoh (0)