Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida sudya Jamshid Xo‘jamberdiyev raisligida tanishining o‘rniga imtihonga kirishga uringan soxta “abituriyent”ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rishton tumanida yashovchi Sh.G‘. uchko‘priklik tanishi J.M.ning Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filiali sirtqi bo‘limiga o‘qishga topshirayotganidan xabar topgan. Unga o‘zining oliy ma’lumotli ekanligini, qabul komissiyasini chalg‘itib, o‘rniga hujjat topshirib, imtihonga kirish ruxsatnomasi – qalbaki DTM qog‘ozini olib, undan foydalangan holda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Ikki tanish bir guruh bo‘lgan holda jinoiy reja tuzgan.
Tuzilgan jinoiy rejaga ko‘ra, J.M. Sh.G‘. bilan Rishton tumani markazida uchrashib, unga TATU Farg‘ona filialiga o‘qishga kirish uchun tayyorlagan tibbiy ma’lumotnomasi, kollejni tamomlaganlik haqidagi diplomi va uning ilovasini hamda fuqarolik pasportini bergan. Sh.G‘. ushbu hujjatlarni olib, TATU Farg‘ona filiali qabul komissiyasiga kelgan. Ishchi-xodimlarga o‘zini J.M. sifatida tanishtirib, hujjatlarni taqdim etib, abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tib, o‘zining rasmi tushirilgan qalbaki DTM ruxsatnomasini olishga erishgan.
Sh.G‘. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, hujjatning qalbaki ekanligini bila turib undan foydalanishga uringan. J.M.ga tegishli fuqarolik pasporti va qalbaki abituriyent ruxsatnomasini olib, TATU Farg‘ona filialiga kirish imtihonlari o‘tkazilayotgan Olimpiya zaxiralari kolleji binosiga kelgan. J.M.ning o‘rniga imtihonga kirib ketayotgan vaqtida shu yerda xizmat olib borayotgan IIB xodimlari tomonidan ushlanib, unga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Sh.G‘. Jinoyat Kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topildi. Unga oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
J.M. Jinoyat Kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topilib, oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Izoh (0)