IIV huzuridagi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Bahodir Yusupov mahkuma Gulnora Karimova o‘z huquqlaridan foydalanib kelayotganini ta’kidladi. Bu haqda 17-iyul kuni IIV huzuridagi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi (JIEBB) vakillari jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Anjumanda JIEBB Davolash profilaktika yordamini tashkillashtirish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Yusupov mahkuma Gulnora Karimova O‘zbekiston Jinoyat-ijroiya kodeksining bir nechta moddalarida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanib kelayotganini ma’lum qildi.

“O‘zbekiston Jinoyat-ijroiya kodeksining 78-moddasiga binoan mahkuma Gulnora Karimova posilkalar, yo‘qlovlar, banderollar va pul jo‘natmalari olish va yuborish huquqidan foydalangan va foydalanib kelmoqda. Jumladan, Karimova 2019-yilning 2–3, 10-aprel, 10-iyun va 13–15-iyul kunlari unga tegishli yo‘qlovlar hamda banderollarni qabul qilgan”, — dedi Bahodir Yusupov.

Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi vakilining qo‘shimcha qilishicha, Gulnora Karimova mahkumning uzoq muddatli uchrashuvi huquqidan ham foydalanib kelmoqda.

“Gulnora Karimova O‘zbekiston Jinoyat-ijroiya kodeksining 76-moddasiga muvofiq mahkumning uchrashuv huquqidan foydalanmoqda va foydalanishda davom etmoqda. Xususan, Karimova 2019-yilning 12–15-aprel hamda 7–10-iyun kunlari oralig‘ida oila a’zolari bilan uzoq muddatli uchrashuvda bo‘lgan. Uzoq muddatli uchrashuv qonunchiligimizda 3 sutka qilib belgilangan. Bu huquqdan Karimova to‘laqonli foydalangan va foydalanib kelmoqda”, — dedi Yusupov.

Oldinroq, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Gulnora Karimova 2017-yil dekabr oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilganda unda ma’lum bir surunkali kasalliklar aniqlanganini ma’lum qilgan edi.