Respublika bojxonachilari naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishiga doir qator bojxona qoidabuzarliklarini fosh qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy veb-saytida xabar qilinadi.
Xususan, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postidan qo‘shni mamlakatga piyoda ravishda chiqib ketayotgan fuqaro X.D. bojxona xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, egnidagi ustki kiyimi cho‘ntagida og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 10 000 AQSh dollarini yashirganligi aniqlandi.
Ushbu post xodimlarida shubha uyg‘otgan yana bir fuqaro R.E. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, shimining cho‘ntagida og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 10 000 AQSh dollarini yashirganligi fosh qilindi.
“G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatga o‘tish uchun piyoda holda kirib kelgan fuqaro I.D.ning noqonuniy xarakatlariga chek qo‘yildi. Ushbu shaxs xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, shimining cho‘ntagida og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 6600 AQSh dollarini yashirganligi aniqlandi.
“Navoiy” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan qo‘shni davlatga o‘tish maqsadida ushbu postga kirib kelgan fuqaro K.O. boshqaruvidagi Volvo FH 13.460 rusumli yuk avtoulovi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, avtomashina kabinasida og‘zaki so‘rovda aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 3500 AQSh dollari yashirilgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)