2019-yil 5-iyul kuni Yevropa Ittifoqi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) qo‘shma “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturining birinchi “Suv xo‘jaligi va resurslarini boshqarishning milliy doiraviy konsepsiyasi” komponenti doirasida O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligiga yana bir guruh maxsus texnika berildi, bu haqda Suv xo‘jaligi vazirligi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xususan, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarini texnik imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida 6 dona kichik traktor, 6 dona dizel elektrogenerator va 6 dona nasos agregator topshirildi.
Mazkur marosimida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi rahbarlari va GIZ Xalqaro hamkorlik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2018-yilning oktabr oyida suv xo‘jalik vazirligiga 6 dona ekskvator va 6 dona samosval berilgan.
Ta’kidlash joizki, dasturning 2016—2020-yillardagi maqsadi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdan iborat. Asosan, mamlakatda mazkur sektorning iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda, barqaror va ko‘lamli o‘sishga qaratilib, tabiiy resurslar hamda ekotizimlarni barqaror boshqarishga yordam bermoqda.
Izoh (0)