Jahon hunarmandlik kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prezidenti Gada Kaddumi boshchiligidagi o‘rganish hay’ati ayni kunlarda xalqaro hunarmandlik festivaliga mezbonlik qilayotgan Qo‘qon shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.
O‘zbekiston xalq amaliy san’ati va hunarmandchilikning eng qadim an’ana va maktablari saqlanib qolgan mamlakat sifatida ham jahonga tanilgan. Yurtimizning deyarli barcha hududida o‘ziga xos hunarmandlik maktablari shakllanib, avloddan-avlodga o‘tib kelayotir. Bugungi islohotlar soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Har bir hunarmandlik mahsuloti o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Qo‘qonda 30 dan ortiq yo‘nalishda hunarmandlik an’analari davom ettirilmoqda. O‘tmishda xonlik markazi bo‘lgan bu shaharga turli o‘lkalardan mohir ustalar jamlangan va bu yerda hunarmandlikning noyob turlari taraqqiy etgan. Jumladan, yog‘och o‘ymakorligi, zargarlik, qandakorlik, milliy mato to‘qish, kulollik san’at asari darajasiga ko‘tarilgan.
Ayni kunlarda Qo‘qonda xalqaro hunarmandlik festivaliga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. O‘rda xiyoboni va boshqa hududlarda bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. O‘ndan ortiq mehmonxona, hunarmandlar uchun savdo majmuasi kabi yangi inshootlar bunyod etilayotir.
Mazkur kengash bilan hamkorlikda Qo‘qonga jahon hunarmandlar shahri maqomini berish borasida sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Tashrif asnosida o‘rganish hay’ati a’zolari hunarmandlar bilan muloqotda bo‘lib, ularning faoliyati bilan bevosita tanishdi. Milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi, hunarmandlik maktablari va markazlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Dong‘i ketgan usta Hasanjon Umarov otameros pichoqchilik bilan shug‘ullanadi. Bu – sermashaqqat, murakkab hunar bo‘lib, katta kuch, ko‘p mehnat, zehn, iroda, sabr-toqat, izlanuvchanlikni talab qiladi.
– Bu hunarni egallash uchun unga chinakam mehr qo‘yish kerak, – deydi H.Umarov. – Bir parcha temirni buyum holiga keltirish ko‘p mehnat talab qiladi. Ko‘z nuri, kuch sarflanadi. Bunga hamma ham bardosh bera olmaydi. Qo‘qonda xalqaro hunarmandlik festivali o‘tkazish g‘oyasi, unga hunarmandlar shahri maqomini berish yo‘lidagi sa’y-harakatlar bizni g‘ururlantiradi, albatta.
Nufuzli hay’at a’zolari xalq amaliy san’ati an’analarini saqlab, rivojlantirib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimiz faoliyati, hunarni yosh avlodga o‘rgatish borasidagi ishlari bilan tanishib, Qo‘qonga jahon hunarmandlar shahri maqomini berish yuzasidan xulosalar beradi.
Izoh (0)