Qirg‘iziston sobiq prezidentining tarafdorlari avvaliga uning Q‘oy-Tosh qishlog‘idagi uyi yonida to‘plangan. Soat 15:30 larda Bishkekdagi “Forum” binosiga kelishgan va u yerda miting boshlangan. Hozirda mitingda 500 yoshdan ortiq kishi ishtirok etmoqda, bu haqda Sputnik xabar qiladi.
Almazbek Atambayevning o‘zi ham miting o‘tkazilayotgan joyga yetib kelgan. Miting ishtirokchilari sobiq prezidentga nisbatan siyosiy ta’qib to‘xtatilishini talab qilmoqda. Mitingda hech qanday tartibsizlik kuzatilmayapti.
Qirg‘iziston parlamenti sobiq prezidenti Atambayevni daxlsizlik huquqidan mahrum qildi. Atambayevni sobiq prezident maqomidan mahrum qilish uchun 110 deputatdan 103 nafari ovoz berdi. Ushbu maqomni yo‘qotgan Atambayev daxlsizlik huquqidan ham mahrum bo‘ldi.
Qirg‘iziston parlamenti 13-iyun kuni maxsus komissiyani tashkil etgandi va u olib borgan ish natijasida Almazbek Atambayev oltita jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa qilingandi. Jo‘qorg‘u keneshi xulosani tasdiqlab, bosh prokuraturaga yuborgandi.
Xulosaga ko‘ra, sobiq prezidentga nisbatan quyidagi ayblovlar ilgari surildi: — Qo‘y-Tosh qishlog‘ida yer uchastkalarini noqonuniy egallanishi, jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning qonunga zid ravishda ozod etilishi;
— Bishkek IES modernizatsiyasi bo‘yicha korrupsiya ishi va unga noqonuniy tarzda ko‘mir yetkazib berilishi hamda tadbirkor Subixi Parxati ishtirokidagi korrupsiya fakti.
Atambayevning o‘zi unga qo‘yilgan ayblovlar “safsata” ekanligini aytib, xalqqa halol xizmat qilganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)