Joriy yil Qashqadaryo viloyatidagi 1117 ta maktabni tamomlagan 32 501 nafar 11-sinf bitiruvchilarining 374 nafariga berilishi mo‘ljallangan attestat mas’ul xodimlarning attestatni yozishda yo‘l qo‘ygan imloviy xatolari sababli yaroqsiz holga kelgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Jo‘rayev bergan ma’lumotga tayanib, “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 11-sinf bitiruvchilari bilan birga 9-sinf o‘quvchilari ham shahodatnoma ololmagan.
Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Panjiyevning qo‘shimcha qilishicha, attestat va shahodatnomalarda imloviy xatolardan tashqari o‘quvchilarning ism-sharifida ham xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, o‘g‘il bolalalar ismiga “falonchi qizi” yoki qiz bolalar ismiga “falonchi o‘g‘li” deya adashtirilgan. Ushbu xatoliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga chora ko‘rilib, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, maktab direktorlaridan tushuntirish xati olingan. Qolaversa, har bir tuman uchun attestat va shahodatnomalarni chiqarish uchun maxsus berilgan printerlarda ham nosozlik kuzatilgan. Ayrim attestat va shahodatnomalar printerda g‘ajilgan. Shu boisdan ham attestat va shahodatnomalarning berilishi kechiktirilgan.
Ma’lum qilinishicha, Qarshi tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 22 nafar 11-sinf o‘quvchilariga berilishi mo‘ljallangan attestatlar aynan printer aybi bilan g‘ijimlangan va yaroqsiz holga kelgan.
Mas’ullarning ta’kidlashicha, ushbu holat uzog‘i bilan 3–4 kunda bartaraf etiladi.
Izoh (0)