Urugvay terma jamoasi va “Atletiko” himoyachisi Diyego Godin erkin agent sifatida “Inter” klubiga o‘tdi. Bu haqda milanliklarning Twitter’dagi rasmiy sahifasida xabar berildi.
Urugvay terma jamoasi a’zosi Godin 2010-yildan beri Madrid klubi sharafini himoya qilib kelayotgandi. Diyego “Atletiko” bilan birgalikda Ispaniya chempioniga aylandi, mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi, 2 marta Yevropa Ligasida hamda 3 bor UEFA Superkubogida g‘olib bo‘ldi.
Bundan tashqari Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritdi. U klub bilan ikki marotaba Yevropa Chempionlar Ligasi finalchisiga aylandi. “Matraschilar” har ikkisida ham “Real”ga imkoniyatni boy bergandi. Godin madridliklar safida umumiy hisobda 277 ta uchrashuvda maydonga tushdi va 17 ta golga mualliflik qildi.
Shuningdek, Godin 2019-yilning 25-mart kuni Urugvay terma jamoasi safida o‘zining 126-o‘yinini o‘tkazdi va uchrashuvlar soni bo‘yicha rekordchiga aylandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)