21–23-iyun kunlari Markaziy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda Samarqand viloyatida profilaktik hisobda turuvchi, tarbiyasi og‘ir 13 nafar yoshlar bilan “Bo‘lajak askar” aksiyasi o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Yoshlar oyligi” doirasida Markaziy harbiy okrug hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda yigitlar uch kun davomida harbiylardek hayot kechirdi.
Egniga harbiy libos kiygan yoshlar harbiy qismning to‘laqonli a’zosi bo‘lib, kun tartibida belgilangan vaqtlarda harbiy mashg’ulotlarda qatnashdi.
Yigitlar okrugda yaqinda tashkil etilgan sport vzvodi faoliyati bilan tanishdi. Sportning boks va dyuzdyo turi bo‘yicha master-klass mashg‘ulotlarida qatnashdi. Dinamik trenajyor orqali otish mashqlarini bajardi.
Tungi vaqtlarda esa konsert dasturi va vatanparvarlik ruhidagi filmlar tomosha qildi.
Shuningdek, bo‘lajak askarlar okrugda yaqinda bunyod etilgan Simulyatsiya markazida bo‘ldi. Yoshlar bu yerda harbiy xizmat va “ko‘cha” hayoti xususida bahsga kirishdi.
Aksiya yakunida insholar tanlovi o‘tkazilib, yaxshi natija ko‘rsatgan va ijobiy tafsiflangan yoshlarga Ichki ishlar organlari bilan kelishilgan holda hisobdan chiqarishga tavsiyalar berildi.
Izoh (0)