18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva Germaniya Bundestagi vakillarini qabul qildi, bu haqda Xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda ayollarni ish bilan ta’minlash, ularning tadbirkorlik borasidagi faoliyatiga yanada rag‘bat berish, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar bilan ishlarni yo‘lga qo‘yish borasidagi tajriba haqida fikrlar bildirildi.
Shuningdek, ayollarning iqtisodiy manfaatlarining ta’minlanishida ijtimoiy hamkorlik muhim o‘rin tutayotganligi, ya’ni ushbu masalada barcha davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari birlikda faoliyat olib borayotganligi ta’kidlandi. Bu esa, o‘z navbatida ayollarning bandligini ta’minlash va ular orasida huquqbuzarlikning keskin kamayishiga ijobiy ta’sir qilayotganligi e’tirof etildi.
Ayollar va bolalarning huquq va manfaatlarining ta’minlanishida Qo‘mita tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar xususida ham fikrlar bildirildi.
Tanzila Norboyeva tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekiston hamda Germaniya davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik yangi pog‘onaga ko‘tarilganligi alohida to‘xtalib o‘tilib, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tajriba almashinuvi ijtimoiy himoya sohasidagi faoliyatni yangi pog‘onaga olib chiqishida muhim o‘rin egallayotganligi aytib o‘tildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik Qo‘mitasi rahbari P.Ramzauyer boshchiligidagi delegatsiya vakillari mamlakatda xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlar, ularning iqtisodiy-ijtimoiy huquqlari, bola huquqlari borasida qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Germaniya Bundestagi a’zolaridan iborat delegatsiya vakillari O‘zbekiston Respublikasida ayollar uchun yaratilgan imkoniyatlar va sharoitlardan mamnun ekanligini bildirdi.
Izoh (0)