Futbol bo‘yicha Kopa Amerika—2019 musobaqasining “A” guruhida 18-iyun, seshanba kuni 2-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi.
Kunning dastlabki o‘yinida Boliviya terma jamoasi Peru termasi bilan bahsga kirishdi.
Bellashuvda boliviyalik hujumchi Marselo Morenoning penaltidan urgan goliga peruliklar Paolo Gerrero (45), Jefferson Farfan (55) hamda Edison Floreslarning (90) gollari bilan javob qaytardi.
Shu tariqa Peru termasi 2-tur guruh bahslarida Boliviya ustidan 3:1 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va muhim 3 ochkoga ega bo‘ldi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Peru 4 ochko to‘plab, guruhda 2-o‘rinda boryapti. Boliviya esa 2 tur natijasiga ko‘ra birorta ham ochko yig‘a olmadi va jamoa so‘nggi pog‘onani egallab turibdi.
Musobaqa mezboni Braziliya termasi esa Venesuelaga qarshi maydonga tushdi.
O‘yin davomida hisob ochilmadi va jamoalar 0:0 hisobida durang natija qayd etdi.
Mazkur turdan so‘ng Braziliya ochkolari sonini 4 taga yetkazib, “A” guruhida yetakchilik qilmoqda. Venesuela esa 2 ochko bilan 3-o‘rinni band qilmoqda.
Kopa Amerika—2019
2-tur bahsi
18-iyun, seshanba
“A” guruhi
Boliviya—Peru 1:3
Gollar: 1:0 — 28, penalti, Moreno, 1:1 — 45 Gerrero, 1:2 — 55 Farfan, 1:3 — 90 FloresBraziliya—Venesuela 0:0
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)