Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa shahar, Qo‘rg‘ontepa tumani, “Tinchlik” ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro A.Haydarov Andijon shahar “Andijon Avtotexxizmat” MChJ diler markazi tomonidan 2018-yilning 19-oktabr kuni Cobalt (GS/16MTV) rusumli avtomobilni sotib olgan, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Ma’lum bir muddatdan so‘ng, fuqaro avtomashinada yashirin defekt borligini sezib qoladi va yaroqlilik muddati tugamasdan turib dilerlik markaziga ma’lum qiladi.
Fuqaro “Andijon Avtotexxizmat” MChJ dilerlik markazi tomonidan o‘ziga yuklatilgan majburiyat bajarilmaganidan hamda yetkazilgan ziyonni qoplashdan bosh tortib kelayotganidan noroziligi sababli O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining Andijon shahar bo‘limiga murojaat qiladi.
Jamiyat mutaxassislari tomonidan holat yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Natijada fuqaroga “Andijon Avtotexxizmat” MChJ tomonidan Cobalt (GS/16MTV) mashinasidagi barcha nuqsonlar va muammolar bartaraf etildi.
“Agar xarid qilishda mashinangizni vaqtida ololmasangiz yoki avtomobilda nuqsonlar aniqlansa, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi “ishonch telefoni” 1091 yoki hududiy birlashmalarga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)