Samarqand shahrining Universitet xiyobonida Mustaqillik ayyomiga qadar veloyo‘lak barpo etilishi haqida Samarqand shahar hokimligi xabar bermoqda.
Aholining madaniy dam olishini mazmunli tashkil etish maqsadida Universitet xiyobonida obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Loyihaga ko‘ra, xiyobon bo‘ylab aholining kechki sayr qilishi uchun ikki tomonlama veloyo‘lak qurilib, atrofida zamonaviy favvoralar barpo etiladi. Yoritgichlar ham maskan ko‘rinishiga mos ravishda o‘zgartiriladi.
Shuningdek, xiyobon markazi turli geometrik shakldagi manzarali bezaklar bilan boyitiladi. Bundan tashqari, barchani sportga jalb etish uchun turli xildagi trenajyorlar o‘rnatiladi. Muhimi, bu yumushlar hududdagi hech bir daraxtga ziyon yetkazmay amalga oshirilib, turli manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi.
Ayni kunda loyihani amalga oshirish ishlari boshlandi. Dastlab, Amir Temur haykalidan SamDU biologiya fakultetigacha bo‘lgan loyihada belgilangan ishlar olib borilmoqda. Mazkur loyihani shu yilning avgust oyida yakunlash rejalashtirilgan.
Izoh (0)