Bugun, 12-iyun kuni Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi “Ko‘rkamobod” mahallasida “Fayzullaxo‘ja o‘g‘li Murodhoji” jome masjidi rasmiy faoliyat boshladi. Masjidning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etdi, deb xabar qiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi.
Muftiy hazratlari jamoani yangi masjid bilan qutlab, Allohning baytida toat-ibodatlar, solih amallar, Qur’oni karim tilovati Qiyomat qadar davom etishini tiladi. Shuningdek, tashkiliy ishlarda faollik ko‘rsatgan pok niyatli kishilar haqqiga duolar qildi.
Aslida, ushbu ibodat uyi 1997-yilda qurilgan bo‘lib, mahalliy masjid sifatida faoliyat yuritib kelgan. Mahallaning jonkuyar kishilari, ko‘pni ko‘rgan keksalari tomonidan masjidni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun qilingan sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq ushbu jome masjid qayta ochildi.
“Bizga eng yaqin masjid “Said Vaqqos ota” jome masjidiga qatnash uchun katta yo‘lni kesib o‘tish kerak edi. Bu esa mahalla ahliga, ayniqsa, keksalarga katta qiyinchilik tug‘dirardi. Shunda mahallamizda masjid qurish zarurati borligi uchun faollar bilan bir masjid barpo etishni maslahat qilganmiz. 1997-yilda xalq hashari bilan masjid qurildi, 2006-yilda qayta ta’mirlandi. Alhamdulillah, bugun mutasaddi tashkilotlar murojaatlarimizni ijobiy hal qilib berdi”, — deydi mahalla faoli Saidkarim Sotvoldiyev.
Izoh (0)