Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro B.Ya. qarindoshi N.M. nomiga “Ya.T.” xususiy korxonasini tashkil etib, korxonani norasmiy ravishda boshqarib kelib, Xitoydan 21,6 ming dollarlik tikuvchilik xom ashyolari va mahsulotlarini import qilgan. Bu haqda “Prokuratura.uz” xabar berdi.
So‘ng bojxona organlariga “tikuvchilik sexi” tashkil qilganligi haqida soxta ma’lumotlar taqdim etib, 742,2 million so‘m bojxona imtiyozlarini olishga erishib, import qilingan mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga yo‘naltirmasdan, 171,6 million so‘mlik mahsulotlarni sotib yuborganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, B.Ya. amalga oshirilgan tovar aylanmalarini hisobotlardan yashirish va davlat budjetiga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamaslik maqsadida “Ya.T.” xususiy korxonasini o‘zi rahbarlik qiladigan “F” xususiy korxonasiga qo‘shib yuborish (birlashtirish) orqali tugatib yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan B.Ya. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)