O‘zbekistonning Seul shahridagi Elchixonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yil 29-may kuni O‘zbekiston fuqarosi Alisher Jovliyev qurilayotgan binoning yuqori qavatidan tushib ketgan va og‘ir ahvolda “Kangvon” universiteti kasalxonasiga olib borilgan. Bu haqda TIV xabarida aytiladi.
Jabrlanuvchi Koreya Respublikasiga 20-may kuni Chunchon shahridagi “Kyongin” universitetining til o‘rganish kursida o‘qish uchun kelgan va pul ishlash maqsadida jismoniy mehnat bilan shug‘ullangan.
Diplomatik vakolatxona vaziyatni nazoratga olgan, ish beruvchi va O‘zbekiston fuqarosi davolanayotgan kasalxona rahbariyati bilan aloqa o‘rnatgan. Ish beruvchi tashkilot tashkiliy masalalarni hal qilish va davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga tayyorligini bildirgan.
Koreya Respublikasining tegishli xizmatlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti Koreya Respublikasi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Seul shahridagi Elchixonamizga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +82-02-574-65-54, +82-02-577-36-60.
Izoh (0)