25-may, shanba kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 10-turi doirasida 4 ta o‘yin bo‘lib o‘tadi.
Termizda “Surxon” klubi Qo‘qonning “Qo‘qon-1912” jamoasini qabul qiladi. Eslatib o‘tamiz, termizliklar avvalgi turda “Qizilqum”ni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa (3:1), “Qo‘qon-1912” safarda “Nasaf”ga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi (0:2).
Samarqandning “Dinamo” kubi Navoiyning “Qizilqum” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Ikkala uchrashuv ham soat 17:45 da boshlanadi. Ma’lumot uchun, samarqandliklar 13 ochko jamg‘argan holda musobaqa jadvalida 7-o‘rinda bormoqda. Navoiy klubi esa 9 ochko bilan 10-pog‘onani egallab turibdi.
Namanganning “Navbahor” klubi o‘z uyida “Andijon” bilan o‘ynaydi. Bellashuvga soat 18:50 da start beriladi. Qayd etish joiz, “Navbahor” 9-turda “Metallurg” bilan durang o‘ynagandi (0:0). “Andijon” jamoasi esa “Paxtakor” bilan kechgan bahsda o‘z darvozasidan javobsiz 3 ta to‘p olib chiqqandi (0:3).
Kunning so‘nggi bellashuvida Vadim Abramov qo‘l ostidagi Toshkentning “Bunyodkor” klubi mehmonda Bekobodning “Metallurg” jamoasi bilan bahsga kirishadi. O‘yin soat 19:00 da start oladi. Ta’kidlash joiz, “qaldirg‘ochlar” 14 ochko to‘plab, musobaqa jadvalida 5-o‘rindan joy egallab turgan bo‘lsa, 8-o‘rinda borayotgan “Metallurg” hisobida esa 12 ochko mavjud.
Superliga
10-tur bahslari
25-may, shanba
“Surxon”—“Qo‘qon-1912” 17:45
“Dinamo”—“Qizilqum” 17:45
“Navbahor”—“Andijon” 18:50
“Metallurg”—“Bunyodkor” 19:00
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)