Yaqin-yaqingacha tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ko‘p bora takrorlanadigan mavzu bu banklardan naqd pul olish muammosi edi. Bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bois, ushbu muammo to‘liq hal etildi. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent shahar DSB matbuot xizmati xabar berdi.
Biroq, yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramasdan ba’zi tadbirkorlar hamon naqd pul tushumlarini bank kassasiga emas, kissaga urishga harakat qilmoqda.
Joriy yilning aprel oyida Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan 481 ta obyektda xronometraj ko‘zdan kechirish tadbirlari o‘tkazildi. Natijada tushumlar miqdori oldingi kunlardagi o‘rtacha bir kunlik tushumga nisbatan 1,9 milliard so‘mga oshdi.
Jumladan:
– savdo obyektlarida 1428,5 million so‘mga;
– umumiy ovqatlanish shoxobchalarida 276,2 million so‘mga;
– xizmat ko‘rsatish obyektlarida 140,1 million so‘mga;
– dorixonalarda 37,4 million so‘mga;
– avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 32,6 million so‘mga;
– tibbiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida 1,1 million so‘mga oshgan.
Xronometraj tadbirlari davomida xo‘jalik yurituvchi subyektlarda 483 nafar fuqaro belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan ishlayotgani aniqlandi.
Jumladan, Toshkentdagi Olmazor tumani, Qora-Qamish 2/5-dahasi, O‘razboyev ko‘chasida faoliyat yuritayotgan savdo shoxobchasida o‘tkazilgan xronometraj davomida 38,3 million so‘m tushum amalga oshirilib, bir kun oldingiga nisbatan o‘rtacha 16,5 million so‘mga oshdi. Bundan tashqari, 18 nafar fuqaro belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan ishlayotganligi aniqlandi.
Ushbu hududdagi Nozimaxonim ko‘chasida joylashgan yana bir savdo markazida o‘tkazilgan xronometraj davomida 70,9 million so‘m tushum amalga oshirilib, bir kun oldingiga nisbatan o‘rtacha 50,5 million so‘mga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning 1-oktabridan boshlab, davlat soliq xizmati organlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida o‘tkazilgan xronometraj natijalariga ko‘ra oxirgi hisobot davri uchun tovar (ish, xizmat)lar realizatsiyasidan kamaytirib ko‘rsatilgan tushumni va xodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuboradi, kamaytirib ko‘rsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida malakalanadi.
Izoh (0)