Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Qozog‘iston prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog‘lik va davlat xizmatidagi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining jadal rivojlanishi va izchil mustahkamlanib borishiga xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qosim-Jo‘mart To‘qayevning joriy yil aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalaridagi amaliy hamkorlik, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochgani alohida ta’kidlandi.
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Suhbat so‘ngida davlat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayevga joriy yil 9-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan Qozog‘iston prezidenti saylovi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
Izoh (0)