“Qozog‘iston go‘zali 2019” tanlovi bugun Nur-Sultonda bo‘lib o‘tdi. Tanlovning final bosqichida mamlakatdan jami 32 nafar sohibjamol qatnashdi, ammo g‘oliblik pavlodarlik 19 yoshli qiz Madina Batikka nasib qildi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
“Qozog‘iston go‘zali” g‘olibi “Dunyo go‘zali” tanloviga yo‘llanma oldi. Shuningdek, unga 3 million qozoq tangasi (7 869 dollar) miqdorida pul mukofoti ham berildi.
“Bu men uchun juda ham hayajonli va unutilmas onlar bo‘ldi. Hissiyotlarimni so‘z bilan ifodalay olmayman. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat. Menga taqdim etilgan pullarni ota-onamga beraman. Hozirda universitetda turizm yo‘nalishida o‘qiyman. Keyinchalik Qozog‘istonda turizmni rivojlantirish uchun o‘z soham bo‘yicha ishlamoqchiman”, — deydi tanlov g‘olibasi.
Madinadan tashqari yana 3 nafar qizga “vitse miss” unvoni berildi.
Birinchi vitse-miss Diana Abisheva bo‘ldi. An’anaga ko‘ra, u “Koinot go‘zali” tanlovida Qozog‘istonni namoyish qiladi.
Ikkinchi vitse-miss unvoni Nadejda Nedosekovaga nasib qildi. Uchinchi vitse-miss esa Saniya Mergaliyeva bo‘ldi.
Xalq bergan ovozlarga va hakamlarning fikriga ko‘ra, TOP-5 go‘zallar ro‘yxatiga Diana Abisheva (Olmaota), Saniya Mergaliyeva (Nur-Sulton), Madina Batik (Pavlodar), Nadejda Nedosekova (Semey) va Baljanat Anas (Chimkent) kirdi.
Izoh (0)