Qozog‘istonning Nur-Sulton va Olmaota shaharlarida ruxsat etilmagan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Tengrinews.
Namoyishchilar Respublika shoh ko‘chasi va Kenesari ko‘chasi bo‘ylab yurib, hokimiyatni haqqoniy va adolatli saylovlar o‘tkazishga chaqirgan.
Poytaxt politsiya departamenti rahbari Yerjan Sadenov va uning o‘rinbosari Bakitjan Malibayev Nur-Sultonda to‘plangan odamlarni tarqalishga chaqirgan va politsiyachilar ishi bo‘yicha shikoyatlarni ko‘rib chiqishga va’da bergan.
Olmaotada bunday namoyishlar Gorkiy nomidagi bog‘da bo‘lib o‘tgan. Qayd etilishicha, har ikkala shaharda to‘plangan namoyishchilar bilan prokuratura va hokimlik ma’muriyati vakillari suhbatlashgan. Shuningdek, ayrim namoyishchilar qo‘lga olingani aytilmoqda.
“Sizlar noqonuniy miting o‘tkazyapsiz. Buning uchun ruxsat olishingiz kerak edi. Ma’muriy javobgarlikka tortilishingiz mumkin. Iltimos, tarqaling...”, — degan Olmaotada to‘plangan namoshiychilarga qarata Medeu tumani prokurori Asxat Jakupov.
Qozog‘iston prezidentligi uchun navbatdan tashqari saylov 2019-yil 9-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Avvalroq saylov natijalari 16-iyundan kechikmasligi, ushbu lavozimga to‘qqiz kishi da’vogarlik qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)