Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida istiqomat qiluvchi Zumrad Xo‘jaeva o‘zbek xotin-qizlari orasida birinchilardan bo‘lib alpinist sifatida faoliyat olib borgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
U mazkur sport turi bilan bir necha yillar shug‘ullangan bo‘lib, turli murakkab to‘siqlardan o‘tib, cho‘qqilarni zabt eta olgan. Ayni paytda Zumrad Xo‘jayeva Asaka tumanidagi “Zumrad bahor dalalari” fermer xo‘jaligi rahbari.
“Bu voqealarni boshdan kechirganimga ham hash-pash deguncha 40 yil bo‘libdi”, — deydi alpinist ayol. – O‘n sakkiz yoshlik – o‘t-olov davrim. Farg‘ona davlat pedagogika institutining chet tillar fakulteti ingliz tili yo‘nalishida talabaman. Mashg‘ulotlar qizg‘in kunlarning birida auditoriyaga bir necha mehmonlar kirib keldi-da, rus tilida tog‘ turizmi, alpinizm va instruktorlar maktabi haqida gapirdi. Ular so‘zlarining oxirida kim sportning bu turi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsa, yordam berishlarini aytdi. Asalarichining qizi emasmanmi, boz ustiga, butun bolalik yillarini tog‘lar bag‘rida o‘tkazganim bois, ikkilanmay, hech narsadan cho‘chimay, qo‘rqmay qo‘limni yuqoriga dast ko‘tarib “men” deb yubordim. Shundan boshlab, Shohimardonda alpinistlik bilan shug‘ullanishni boshlaganman”.
Zumrad Xo‘jayeva Shohimardondagi turbazada mahoratli ustozlar ko‘magida alpinistlikning sir-sinoatini o‘rganib, cho‘qqilarni zabt etish ahdida astoydil mazkur sport turi bilan shug‘ullandi. Guruhdagilar bilan birgalikda tog‘larga chiqishni boshladi.
“Ustozimiz Narimon aka bizga jasorat va mardlikning, fidoiylik va ziyraklikning jonli, tirik timsoli bo‘lib qolgan, – deydi Xo‘jayeva. – Qalin qor va muzliklarda, do‘l va kuchli bo‘ronlar, qo‘qqis boshlangan tahlikali daqiqalarda dovdirab qolmasdan, nima qilish kerakligi, qanday yo‘l tutish zarurligi bo‘yicha zarur tavsiya bergan. Qor va tosh ko‘chkilari bo‘lib turgan paytlarda omon qolish uchun faqat tutilgan to‘g‘ri yo‘l va qilingan to‘g‘ri harakatlargina alpinistning hayotini qutqarishi mumkinligini eslatardi. Vaziyat taqozo etganida esa zudlik bilan bir-biriga yordam, mehr-oqibat ko‘rsatish, jipslik, birdamlik yana bir bor ta’kidlab o‘tilardi”.
Zumrad Xo‘jayeva besh yil alpinist sifatida Pomir-Oloy tog‘ tizmalarining ko‘plab cho‘qqilarni zabt eta oldi.
Bugun Shohimardonda yana turizm, tog‘ sayyohligi rivojlanish bosqichida. “Shohimardon ekoturizm markazi” tashkil etilib, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bino-inshootlar tadbirkorlarga turizmni rivojlantirish maqsadida imtiyozli shartlarda berilmoqda. Mamlakatning turli hududlaridan bu yerga ziyorat va sayohatga keluvchilar soni ortmoqda. Ayni paytda bu yerda tog‘ turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.
Izoh (0)