O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tungi soat 23:00 gacha uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
“Oxirgi 2—3 yil ichida aholi o‘rtasida kutubxona ish vaqtini cho‘zish bo‘yicha murojaatlar ko‘paydi. Xorijda ham 24 soat davomida ishlaydigan kutubxonalarda soat tungi 00:00 dan keyin navbatchilar, mutaxassislar qoladi. Chunki ularning ishlari to‘liq elektron shaklga o‘tib bo‘lgan. Kutubxonamiz avval Vazirlar Mahkamasiga qarashli edi, 2017-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga o‘tdi. Rahbariyat bilan birgalikda kutubxona ish vaqtini 23:00 ga qadar uzaytirish ko‘rib chiqilayapti. Qonunchilik bo‘yicha kechki vaqt ishlaydigan xodimlarga ish haqi to‘lash masalasi o‘rganilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 23:00 ga qadar ishlashi uchun fondni saqlash, xizmat ko‘rsatish kabi bo‘limlarda 36 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishi talab etilar ekan. Bu masala bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Yaqin kelajakda bu kabi barcha ishlarni yo‘lga qo‘ysak, o‘ylaymanki birinchi bo‘lib Milliy kutubxonada 23:00 gacha ishlashni yo‘lga qo‘yamiz. Ushbu tajriba samara bersa boshqa kutubxonalarga ham tatbiq qilinadi”, — dedi Umida Teshaboyeva
Izoh (0)