Moskvaning Sheremetyevo aeroportida 3600 dollarni o‘zlashtirib yuborgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi, bu haqda Sputnik xabar qiladi.
Rossiya IIV matbuot xizmati xabarida aytilishicha, Sankt-Peterburgda istiqomat qiluvchi fuqaro Sheremetyevo aeroporti IIV boshqarmasining navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, uning qizi “Seul—Moskva—Sankt-Peterburg” tranzit reysi bilan uchib kelgan paytda, ehtimol “D” terminalida nazoratdan o‘tayotganda 3600 dollar solingan konvertni yo‘qotib qo‘yganini ma’lum qildi.
Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan video-kuzatuv kameralari o‘rganib chiqilib, o‘g‘irlikni sodir etishda gumonlangan shaxsni aniqlashdi.
Gumonlanuvchi O‘zbekiston fuqarosi ekanligi va Sheremetyevo aeroportida farrosh bo‘lib ishlashi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu shaxs yo‘lovchi tomonidan tasodifan tushirib yuborilgan konvertni topib olib, uni o‘zlashtirib yuboradi.
Gumonlanuvchi O‘zbekistonga ketayotgan vaqtda Vnukovo aeroportida qo‘lga olindi. Uning yonidan jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan pullarning bir qismi topildi, qolgan qismi esa u bilan birga yashagan qarindoshidan olindi.
Sheremetyevo aeroporti tergov bo‘limi tomonidan ushbu fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi shaxs hibsga olindi.
Tergov ishi davom etmoqda.
Izoh (0)