Poytaxtdagi Wyndham Tashkent mehmonxonasida “O‘zbekistonda yaylovlardan barqaror foydalanish va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, soha mutaxassislari, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistondagi mavjud yer maydonlarining bugungi holati va undan foydalanish istiqbollari, bu yo‘nalishdagi xorijiy mamlakatlar tajribasi bo‘yicha ma’lumot berildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tayyorlagan “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi sa’y-harakatlarga to‘xtalib o‘tildi.
Respublikaning yer resurslari 44,8 million gektar bo‘lib, 2019-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, yaylovlar va pichanzorlar 21,1 million gektarni tashkil etmoqda. Ayni paytda mazkur hududlarda 2,5 millionga yaqin aholi istiqomat qilayogan bo‘lib, ular chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Ammo uzoq vaqt tabiiy o‘zgarishlar, ozuqa ekinlarining yetishmasligi, suv manbalarining yo‘qligi va boshqa sabablar natijasida ushbu yaylovlardan foydalanilmay, qarovsiz qoldi. So‘nggi 35-40 yilda chorvachilikda yaylovlardan me’yoridan ortiq foydalanish, mollarni tartibsiz boqish va boshqa antropogen ta’sirlar chorva ozuqasi hajmining yo‘qolishiga olib keldi.
“Shu kabi omillarni tizimli ravishda o‘rganish maqsadida hududlarda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Buxoro viloyatidagi 2 million 100 ming gektar yaylov tahlil qilinganda, degradatsiyaga uchragan 273 ming gektar yer mavjudligi aniqlandi. Buning sabablari chorva mollari 1990-yilda 767 ming 597 boshdan joriy yilda 1,5 barobarga ko‘paygan. Shu vaqt davomida foydalanilgan 586 ta quduqning 248 tasi yaroqsiz holatga kelgan. Viloyatdagi mavjud 95 ta yaylov o‘simligining 56 tasi ozuqabop bo‘lib, qolgani dorivor va zararlidir. O‘rganishlarimiz davomida bu yerlardagi holatni yaxshilash bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqdik. Birinchi navbatda, degradatsiyaga uchragan yer maydonlariga ozuqabop o‘simliklar urug‘ini ekish, chorva mollarini almashlab boqish tizimini yo‘lga qo‘yish zarur”, – deydi “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti bosh direktori Ruhiddin Jo‘raev.
Anjumanda qonun loyihasi bilan yaylovlardan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning yaylovlardan foydalanish, muhofaza qilishni ta’minlashdagi ishtirokini tartibga solish ko‘zda tutilgani xususida axborot berildi.
Izoh (0)