Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi poytaxtda tadbirkorning ayovsiz kaltaklanishi yuzasidan ma’lumot berdi.
Internet tarmog‘ida 34 yoshli tadbirkor Anvar Rajabovga tan shikastlari yetkazgan shaxslarga go‘yoki chora ko‘rilmayotgani haqida xabar tarqalmoqda. Ushbu ma’lumot haqiqatdan yiroq, deyiladi xabarda.
8-aprel kunidan 9-aprelga o‘tar tunda, taxminan soat 1:30 da Uchtepa tumani IIO FMB navbatchilik qismiga Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga tan shikastlari bilan erkak kishi kelib tushgani to‘g‘risida xabar keldi. Tergovoldi tekshiruvi davomida ma’lum bo‘lishicha, shu tunda Uchtepa tumani 25-kvartalidagi eski 2-son taksoparki binosida faoliyat olib boruvchi sexlar ishchilari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Shovqinga 3-qavatdagi sex egasi bo‘lgan 34 yoshli tadbirkor ham chiqib, ishchilarni tinchlantirmoqchi bo‘lgan. Ammo metall konstruksiyalari ishlab chiqaruvchi sex ishchilari tadbirkorga tan shikastlari yetkazgan. Ushbu hodisada sexlar ishchilaridan tashqari hech kim qatnashmagan, shunigdek chetdan birov bostirib kelmagan.
Ushbu fakt bo‘yicha Uchtepa tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a”, “b”, “v” bandlari (“Bezorilik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda milliy liboslar bilan shug‘ullanuvchi 34 yashar tadbirkor ayovsiz kaltaklangani haqida xabar va video paydo bo‘lgan edi.
Izoh (0)