O‘zbekistonda aviachiptalarni qidiruvchi Sharqiy Yevropadagi yirik internet-qidiruv tizimi — Aviasales ishga tushirildi. Bu haqda Spot xabar beradi.
“O‘zbekistonda elektron tijorat bozori Rossiya va Qozog‘istondan ko‘ra ikki barobar tezroq o‘smoqda, ekspertlar deyarli 50 foiz deb baholamoqda. Bu biz uchun harakat qilish kerakligiga aniq bir signal”, — deydi yangi kompaniyaning yo‘nalishlar rivoji bo‘yicha direktori Yaroslav Stepanyuk.
Aviasales O‘zbekistonga moslashtirilgan servislar orasida sayohat qilish uchun eng yaxshi vaqtni tanlashga imkon beruvchi “Past narxlar taqvim”ini qayd etadi: taqvim to‘g‘ri sana tanlashda yordam beradi.
Bundan tashqari, servis qachon chipta sotib olish kerakligini ham “tushunadi”. Parvoz narxi o‘zgarib turishi mumkin. Aviasales ma’lumotlarni tahlil qilib, foydalanuvchilarga aviachiptalarni hozir band qilish yoki biroz kutish kerakligini bildiradi.
Chiptalarni qidirishni Telegram’dagi botlarga ishonib topshirish mumkin. Yo‘nalish va chegirma miqdorini belgilash uchun faqat bir nechta buyruq kifoya, qolganini tizimning o‘zi amalga oshiradi.
Aviasales — Sharqiy Yevropadagi yirik chiptalar internet-qidiruv tizimi bo‘lib, MDH bozorlarida faol rivojlanmoqda. 2019-yilda Forbes kompaniya qiymatini 196 million dollarga baholadi.
Izoh (0)