Har yili hukumat miqiyosida “Bandlik dasturi” qabul qilinadi, deya xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Uning asosida band bo‘lmagan fuqarolar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining bitiruvchilari ish bilan ta’minlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2019-yilda aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bu yil Toshkentda 42 573 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Hozirgacha 7000 ta yangi ish o‘rni tashkil etilib, ularda aholining banligi ta’minlangan. Shuningdek, ishsiz qatlamning poytaxtdagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga qilgan murojaatiga ko‘ra, 1079 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 179 nafari kasbga tayyorlashga va qayta tayyorlashga yuborildi, 315 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 190 nafariga 67 830 ming so‘m miqdorida ishsizlik nafaqalari tayinlandi va to‘lab berildi.
Bundan tashqari, aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan, tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz shaxslarga kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tadbirkorlikka o‘qitish va kredit olishda sug‘urta polisi to‘lovi uchun talab etiladigan xarajatlar ham muntazam o‘rganilib, eng kam oylik ish haqi 10 baravari miqdorida to‘lab berilmoqda.
Turli korxona va tashkilotlarda mehnat qonunchiligini talablarining bajarilishi ham doimo e’tiborda. Bu borada joriy yilning o‘tgan davrida 5 mingdan ortiq korxonalarning mehnat qonunchiligiga amal qilishi va xodimlarining mehnat muhofazasini ta’minlashi borasidagi ishlari monitoring qilindi. O‘rganishlar asosida faoliyatida kamchiliklar aniqlangan korxonalarga nisbatan 300 million so‘mdan ortiq ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Shahar aholisi uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, band bo‘lmagan fuqarolarni ish bilan ta’minlash yo‘nalishidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Izoh (0)