Hukumat qarori (236-son, 20.03.2019-y.) bilan “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.
Nizomga muvofiq, ko‘krak nishoni bilan mamlakatda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan fuqarolar taqdirlanadi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar har yili 1-oktabrga qadar hududiy madaniyat boshqarmalariga taqdim etiladi.
Madaniyat vazirligi nomzodlarning hujjatlarini o‘rganib chiqib, har yili 1-dekabrga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa chiqaradi.
Ko‘krak nishoni Yangi yil bayrami arafasida Madaniyat vaziri tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladi.
Izoh (0)