Kecha, 21-mart kuni “Navro‘z” ayyomi munosabati bilan AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligida (Tampa shahri, Florida shtati) rasmiy vakil sifatida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan xorijiy hamkasblariga bayram tadbiri tashkil etildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Ushbu tadbirda AQSh Qurolli kuchlari CENTCOM rahbariyati hamda u yerda hamkorlik faoliyatini yuritayotgan 50 dan ortiq davlat vakili qatnashgan. O‘zbekistonlik harbiylar va ularning oila a’zolari tomonidan bahoriy taomlardan iborat o‘zbekona bayram dasturxoni yozilib, tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etilgan.
Shuningdek, tadbir davomida “Yangi O‘zbekiston” nomli targ‘ibot taqdimoti ham namoyish etilgan.
Taqdimotda o‘zbek xalqining buyuk merosi, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, tarixiy obidalari, iqtisodiyoti va siyosati, milliy armiyasi, O‘zbekiston hududida yashab ijod etgan buyuk siymolar va ularning dunyo sivilizatsiyasining rivojiga qo‘shgan hissasi, bugungi kundagi yangi O‘zbekistonning barcha sohalarda erishayotgan ulkan yutuqlari va boshqa jihatlari namoyish etilgan.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” mavzusida namoyish etilgan qisqa metrajli hujjatli film barchada katta taassurot qoldirgan.
Izoh (0)