Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Milliy universtitetining bir guruh talaba-yoshlari tomonidan mazkur tumanga qarashli 2 gektar maydonga manzarali hamda mevali ko‘chatlar ekilib, bog‘ barpo etildi. Bu haqda universitet matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Ushbu xayrli ishda Nukus davlat pedagogika instituti hamda Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari ham hamrohlik qildi.
Mazkur o‘quv-poligonini ochib berishda O‘zMU rektori Avazjon Maraximov hamda Mo‘ynoq tumani hokimi Saylavbay Daniyarov boshchiligidagi Tashabbuskor talaba-yoshlar ekspeditsiyasi a’zolari ishtirok etdi.
2 gektarlik bog‘ni ko‘zdan kechirib chiqar ekan universitet rektori ham yaxshi niyat bilan bir dona o‘rik ko‘chati o‘tqazdi.
2020—2021-o‘quv yilida 2 nafar bakalavr, 2 nafar magistrant va 2 nafar doktorant Orolbo‘yi, xususan, Mo‘ynoq tumanining tabiiy geografiyasi, tuprog‘i, o‘simlik dunyosini o‘rganish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradigan bo‘ldi.
Bundan tashqari O‘zMU rektori A.Maraximov va Mo‘ynoq tumani hokimi S.Daniyarovlar ushbu tumanda kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan rejalar yuzasidan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Izoh (0)