Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hukumat qarori asosida Respublika shtabi tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Mamlakatning 253 joyida bayram tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bular ichida istirohat bog‘lari, o‘yingohlar, maydonlar, ko‘cha va xiyobonlar, sayilgoh va sport inshootlari, madaniyat maskanlari bor.
Navro‘z bayrami kunlari tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari va Davlat Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda qo‘shma reja ishlab chiqilgan va ijro uchun joylarga yuborilgan.
2019-yil 10—25-mart kunlari 6 ming 922 “Jamoatchilik nazorati maskanlari”da jamoatchilik vakillarining navbatchiligi hamda respublikada faoliyat yuritayotgan 59 yo‘l-patrul xizmati maskanlari, blok va postlarining ish faoliyati kuchaytirilgan.
Aeroport va temir yo‘l vokzallari va “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi obyektlarining qo‘riqlanishi kuchaytirilgan.
Tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davomida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash uchun ichki ishlar organlarining 25 ming 361 nafar xodimi, 2 ming 184 nafar milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va 12 ming 710 nafar jamoatchilik vakillari jalb etilgan.
Bayram tadbirlari hamda xalq sayillari o‘tkaziladigan joylardan xavfsiz masofalarda 224 ta vaqtinchalik avtoturargoh tashkil etiladi. Tadbir bilan bog‘liq jami 243 ko‘chada avtotransport vositalarini qatnovi vaqtinchalik cheklanadi.
Izoh (0)