Rossiyaning Yer fizikasi instituti seysmik xavf laboratoriyasining rahbari Aleksey Zavyalov Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida bo‘lib o‘tgan yer qimirlashini ushbu hudud uchun oddiy hol deb atadi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.
14-martga o‘tar kechasi O‘zbekistonda kuzatilgan yer qimirlashi 4—4,3 balni tashkil qilgan. Ko‘pchilik qattiq gumburlashni sezganini va odatda bo‘ladigandek takroriy to‘lqinni his qilmaganini yozgan.
Rossiyalik olimning aytishicha, yer qimirlashi nisbatan kuchsiz bo‘lgan va hech qanday noodatiy holat kuzatilmagan.
“Men o‘zim bir marta kuchsiz yer silkinishiga guvoh bo‘lganman. U 1980-yillarda Tojikistonda kuzatilgan. Dastlab shovqin bo‘lgan. Go‘yo yuk ortilgan poyezd ustingizga bostirib kelayotgandek. Keyin esa silkinish boshlangan, shovqin esa yo‘qolgan. Endi yaqinda bo‘lib o‘tgan yer qimirlashiga keladigan bo‘lsak, epitsentrda uning kuchi 4,5—5 baldan oshmagan. Demak Toshkentda bundan ham kuchsizroq bo‘lgan”, — deydi Zavyalov.
U, shuningdek, hududning geologik xususiyatlaridan kelib chiqsa, Markaziy Osiyo uchun bunday seysmik hodisa tabiiy hol ekanini aytgan.
O‘zbekiston FVV xabariga ko‘ra, yer qimirlashi natijasida jarohatlanganlar va vayronagarchiliklar kuzatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 14-mart, payshanba kuni soat 02:32 da O‘zbekiston—Qozog‘iston chegarasida davomli zilzila sodir bo‘ldi.
Izoh (0)