13-mart kuni Tokio shahrida O‘zbekiston adliya vazirining birinchi o‘rinbosari M. Istamov va Yaponiya adliya vazirining parlament o‘rinbosari X. Kadoyama huquq va adliya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Memorandum doirasida hamkorlikdagi tadbirlar, tadqiqotlar o‘tkazish, o‘zaro aloqa yo‘nalishlari o‘rganilishini ta’minlash va tajriba almashish ko‘zda tutilgan.
Tomonlarning fikricha, memorandum ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlabgina qolmay, ikki mamlakat Adliya vazirliklari o‘rtasida huquqiy sohada samarali hamkorlik qilish uchun huquqiy zamin yaratadi.
Bundan tashqari, shu kuni delegatsiya a’zolarining Parlament Vakillar palatasi (quyi palata) deputati, Yaponiya sobiq adliya vaziri Y. Kamikava bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
12-mart kuni M. Istamov Parlament Maslahatchilar palatasi (yuqori palata) a’zosi, Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi K. Nakayama bilan uchrashgan.
11-mart kuni mamlakatning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining Yaponiyadagi o‘zbeklar bilan uchrashuvi tashkil etilgan. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – respublikada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berish, ular bilan muntazam va ochiq muloqot o‘rnatishdan iborat bo‘lgan. O‘zbekiston ularga ko‘mak ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan.
Izoh (0)