“Daryo” o‘tayotgan haftada sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni sharhlab o‘tadi.
Uch nafar egizakka yengil avtomobil sovg‘a qilish an’anasi bu hafta ham to‘xtamadi. Chiroqchida tavallud topgan Shavkat, Miromon va Mirziyolarning oilasiga Spark tegdi. Avtomobilni tuman hokimligi topshirdi.
* * *
Deputat Marhabo Qurbonovaning voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan onalarning xorijga chiqishini cheklash taklifi saytlar sarhadidan chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda aks-sado bergan voqea bo‘ldi. Deputat ayol qattiq tanqidlar ostida qolib ketdi. Ko‘plab blogerlar taklifning reallikdan yiroqligi, inson huquqlariga zidligi, qolaversa, muammoni cheklov orqali yechishga urinish noo‘rin ekanligini yozdi.
* * *
Bosh prokuratura Gulnora Karimova jazoni endi umumiy tartibli koloniyada o‘tashini ma’lum qildi. Bunga sabab mahkuma sud o‘rnatgan cheklovlarni muntazam buzib kelganidir. Oldinroq Imon Karimova onasining o‘z xonadonidan o‘g‘irlab ketilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Gulnora Karimovaning dunyo bo‘ylab joylashgan yuzlab million dollarlik qimmatli ko‘chmas mulklari ro‘yxati va fotosuratlari hamda oltin yombilari tasviri e’lon qilindi.
* * *
Qoraqalpog‘istondagi yoshi 50-60 million yilga teng “dinozavr tuxumlari” haqida xabar qilindi. Olimlarning aytishicha, fanda “Moyeraki toshlari” deb nom berilgan sharsimon toshlar geologik nuqtai nazardan olib qaraganda, kalsiy bilan okeanning minerallashgan tuzlarining hamda sozli tuproqning birikishidan hosil bo‘ladi. Ushbu ajabtovur soqqatoshlardan yurtimizga turistlarni jalb etishda foydalanish mumkin.
* * *
G‘aroyib xabarlardan yana biri O‘zbekiston mamlakatda qazib olingan gaz uchun “Lukoyl” oldida 600 million dollar qarzdor bo‘lib qolganligi haqidagi xabardir. Ma’lum bo‘lishicha, 600 million dollarlik qarz O‘zbekiston bir qism gazni ichki bozorga olib qolgani sababli vujudga kelgan, kelishuvda esa respublikada qazib olingan gazning barchasini eksport qilish ko‘zda tutilgan.
* * *
Bosh prokuror Otabek Murodov xizmat lavozimidan ozod etilgani haqidagi gap-so‘zlar ortidan Bosh prokuratura matbuot xizmati axborot berdi. Axborotga ko‘ra, bu uydirma gap bo‘lib, Otabek Murodov o‘z ishini davom ettirmoqda.
* * *
Bu haftada O‘zbekistonning turli reytinglarda egallagan o‘rni e’lon qilindi. Aytish kerakki, natijalar kishini xursand qilmaydi. Mamlakatimiz kran suvi xavfli bo‘lgan mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi. Bundan tashqari, havosi eng iflos mamlakatlar reytingida 16-o‘rinni egalladi. Worldwide Mobile Data Pricing reytingida esa 230 mamlakatdagi mobil xizmatlar narxi baholangan bo‘lib, O‘zbekiston internet arzonligi bo‘yicha unda 69-pog‘onada qayd etildi. Bu O‘zbekistonda internet Qirg‘izistondan 12 barobar, Afg‘onistondan esa 2 barobar qimmatligini anglatadi.
* * *
Nukusda birinchi Prezident maktabi qurilishi boshlandi. Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 20-fevralda “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Birinchi to‘rtta maktab shu yili Nukus, Toshkent, Xiva va Namanganda ochilishi belgilangan.
* * *
Qarshi va Shahrisabz shaharlarida poytaxt OTMlarining filiallari ochiladi. 2019-2020-o‘quv yilidan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshidagi filiali, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabzdagi filiallari talabalarni o‘qita boshlaydi.
* * *
O‘tgan haftada yurtimizda 8-mart bayrami nishonlandi. Bu kun munosabati bilan Namanganda IIB xodimlari yolg‘iz ayollarning uylarida hashar uyushtirdi, Toshkent shahar hokimligi faol otinoyilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar topshirdi, Toshkentda YHXB xodimlari haydovchi xotin-qizlarni 8-mart bilan tabrikladi, shuningdek, prezident Tashkent City’dagi eng baland kranni boshqaradigan qizni orden bilan mukofotladi.
* * *
9-mart kuni Toshkentda “Yashil tashabbus” aksiya festivali boshlandi. Festival oy oxirigacha davom etadi. Tashabbus doirasida 409 mingdan ortiq ko‘chat o‘tqazish rejalashtirilgan. Unda barcha ko‘ngillilar ishtirok etishi mumkin.
Izoh (0)