Joriy yil 13-fevraldan 14-fevralga o‘tar kechasi Urgut tumani Algar mahallasida joylashgan savdo do‘koni derazasini sindirib ichkariga kirgan noma’lum shaxslar do‘kon ichida bo‘lgan seyf qulfini buzib, 24 million so‘m pul va 9 turdagi, umumiy narxi 2 million 900 ming so‘mlik Samsung Galaxy telefon apparatlarini o‘g‘irlab ketgan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati “Daryo”ga xabar qildi.
Do‘kon egasi 14-fevral kuni Urgut tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-sonli ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qiladi va holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni shu mahallada yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan A.E. va N.M. sodir qilganligi aniqlanib, ular ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Izoh (0)