Toshkentdagi maktablardan birining 8-sinfida o‘qiydigan 14 yoshli qiz 2018-yil dekabr oyida o‘zi yashaydigan xonadonda 2000-yilda tug‘ilgan yigit bilan jinsiy aloqa qilgan.

Foto: UzNews

2019-yilning yanvar oyida esa qiz homilador bo‘lib qolganidan xabar topgan va homilasini oldirib tashlagan. Bu holat shahardagi 6-tug‘uruqxonada qayd etilgan.

UzNews nashrining huquq-tartibot organlaridagi manbalarga asoslanib xabar berishicha, ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxs 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Hozirgi vaqtda ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotgan yigit shaxsiy nazoratda bo‘lib turibdi.