O‘zbekiston va Rossiya RFdan O‘zbekistonga neft yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo bitimni hali ham imzolamadi. Bu haqda Rossiya Energetika vazirligi rahbari Aleksandr Novakka asoslanib, “UzDaily” xabar berdi.
Avvalroq, 2018-yil noyabrida Novak RF yil oxirigacha hukumatlararo bitimni muvofiqlashtirib olish niyatida ekani haqida aytgani xabar qilingandi. Uning ta’kidlashicha, hujjat bo‘yicha ishlar texnik masalalarga aloqador - neftni yetkazib berish, neft sifati va hokazo.
2018-yil aprelida Novak Rossiya va O‘zbekiston neft yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo bitimni imzolash to‘g‘risidagi muzokaralarning yakuniy bosqichiga kirishganini xabar qildi. “Transneft” vitse-prezidenti Sergey Andronov qayd etishicha, Rossiyadan O‘zbekistonga 2018-yilga neftni quyish uchun murojaatlar 500 ming tonnani, 2019-yilga esa - 1 million tonnani nazarda tutadi.
Sentabr oyida “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Alisher Sultonov “RIA Novosti”ga kompaniya 2018—2020-yillar davomida yiliga 1 million tonnagacha neft import qilishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot bergandi. 2021-yildan boshlab, Jizzax viloyatida neftni qayta ishlash majmuasi ishga tushirilganidan so‘ng, import hajmi yiliga 5 million tonnagacha oshirilishi kerak edi.
Izoh (0)