Samarqand viloyat davlat soliq xizmati organlari tomonidan xufyona iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda “Zarnews” xabar berdi.
Jumladan, 1—6-fevral kunlari o‘tkazilgan 15 ta tadbir davomida tegishli hujjatlarsiz faoliyat yuritib kelgan fuqarolardan jami 30 million 441 ming 800 so‘mlik tovarlar olib qo‘yildi.
Xususan, Narpay tumani davlat soliq inspeksiyasi shu tumanda yashovchi fuqaro G‘.Ch. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan o‘z uyida noqonuniy ravishda stomatologiya xizmatini ko‘rsatib kelgani aniqlandi. Natijada fuqarodan 16 million 300 ming so‘mlik tibbiy uskunalar vaqtinchalik saqlash uchun olib qo‘yildi.
Tayloq tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida esa fuqarolar H.N., H.A. va M.D. tegishli hujjatlarsiz savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlanib, ulardan 10 million 500 ming so‘mlik tovarlar daliliy ashyo sifatida olindi.
Jomboylik T.A esa o‘zi yashab turgan xonadonda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan zamonaviy eshik-rom yasab sotish faoliyati bilan shug‘ullanayotgani fosh bo‘ldi.
Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida fevral oyi boshidan buyon 717 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, 314 nafar tadbirkor faoliyatini qayta tikladi.
Izoh (0)