Andijon shahrining “Sanoat” mahallasidagi Ne’matjon Umarov va Gogl ko‘chalari kesishmasidan o‘tgan suv quvuri yaroqsiz holatga kelib, uning chirishi va teshilishi natijasida 1,5 yildan beri toza ichimlik suvi isrof bo‘lib, oqib yotmoqda. Buning oqibatida ko‘chalarda qatnov uchun noqulaylik yuzaga kelgan.

Foto: “Daryo”

“Quruq va’dalarni ko‘p eshitamiz”

— Uch yildirki mazkur mahallaning raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman, — deydi Mahammadjon Qodirov. – Bu holat 2017-yilning yozidan buyon kuzatiladi. Tegishli tashkilotlarga ko‘p bora murojaat qilganmiz. Andijon shahar “Suvoqova” unitar korxonasi vakillari kelib, holatni bir necha marta jiddiy o‘rganishdi. Lekin ular har gal quvurni yangilashga va’da berib, teshikka pona qoqib ketadi. 10–15 kun o‘tgach, pona chiqib ketadi va teshikdan yana suv oqaveradi. Quruq va’dalarning qachon amalga oshishiyu, bu manzara yana qancha muddat davom etishini bilmaymiz, ochig‘i.

Foto: “Daryo”

“Bundan keyin ham oqaveradi”

— Ichimlik suvining isrof bo‘lib oqayotganiga ajablanmang, — deydi zaharxanda kulimsirab ismini sir tutishimizni aytgan 50 yoshlar chamasidagi ayol. — Bu bir necha yillardan buyon kuzatilayotgan og‘riqli holat bo‘lsa-da, ammo hech bir davlat tashkiloti hal qilolmayapti. “Suvoqova”dan ham kelishdi, ammo suv oqishda davom etyapti. Bundan keyin ham oqaveradi. Yozda chuqurlarga to‘planib qolgan suv usti ko‘m-ko‘k mog‘or bosib, qo‘lansa hid taraladi. Top-toza obihayotning behuda isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘yib berilayotgani yoki bunga va’daboz mutasaddilar ko‘z yumishayotganidan hayron qolaman.

Foto: “Daryo”

Hokim buvadan jo‘yali javob kutamiz!

Bugun yurtimizda ichimlik suvi zaxirasini ko‘paytirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilib, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar keng qo‘llanilayotgan bir paytda bunday manzaraga barham berilmayotgani juda ham achinarli. Ayniqsa, bir yarim yildan beri yechimini kutayotgan muammoning yo‘l yoqasida ekanligi va uni ijobiy tomonga o‘zgartirilmayotgani kishini hayratlantiradi. Mazkur mahalla Andijon shahar hokimining sektor hududi tarkibiga kirar ekan. Har kuni OAVda suvni isrof qilmaslik haqida bong uramizu, amalda esa buning aksini o‘zimiz bajarayotganimiz kulgili emasmi? Amaldorlar qachon oddiy xalqqa o‘rnak bo‘lishga astoydil intiladi? Shuncha suvning behuda oqib ketayotgani va bu isrofgarchilik uchun kim javob beradi? Ushbu muammodan qachongacha ham aholi, ham ekologiya aziyat chekadi?

Biz bu savollarimizga mutasaddi tashkilot rahbarlari, xususan ushbu hududga sektor rahbari etib tayinlangan Andijon shahar hokimidan jo‘yali javoblar kutib qolamiz.

Foto: “Daryo”

Biz bu mavzuga yana qaytamiz...

Muallif:Mirolim Isajonov