Maktabdagi darslar va raqs mashg‘ulotlari orasida 13 yoshli Alina Mors olti xodimni boshqarib, butun dunyodagi sotuvchilar bilan uchrashishga ulgurdi. Bu haqda Forum Daily xabar berdi.
Mors to‘qqiz yoshida shakarsiz konfet kompaniyasini tashkil etgan. Bu fikr paydo bo‘lishiga uning otasi “tishlaringga zarar” deya konfet yeyishni taqiqlagani sabab bo‘lgan. Alina bu taqiqdan norozi bo‘lgan. Keyin esa tishlari uchun xavfsiz va hatto foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan konfet yaratishni o‘rgangisi kelgan.
Mors YouTube’da bir necha bor qanday qilib konfet tayyorlash haqida videolar ko‘rganidan keyin oshxonada bir qator eksperimentlarni o‘tkazgan. Shundan so‘ng, Mors Zolli Candy loyihasini ishga tushirgan va Amazon’da eng ko‘p sotiladigan shakarsiz xo‘rozqandni yaratgan.
Mors Enterpreneur (“Tadbirkor”) jurnalining muqovasida chiqqanlarning eng yoshi bo‘lib, u Oq Uyda Mishel Obama bilan ikki marta uchrashgan. Endi qizaloq o‘z mahsulotini Whole Foods, Walmart va Kroger kabi yirik do‘konlarda sotadi.
Mors bolaligidan beri kompaniya bosh direktori bo‘lishni orzu qilar edi. Uning aytishicha, uch yoshidayoq u biznes qilish uchun turli ixtirolarni ishlab chiqa boshlagan. Oxiri yosh tadbirkor og‘iz gigiyenasi muammosida to‘xtagan. Chunki kariyes bolalarda eng ko‘p kuzatiladigan kasalliklardan biri ekanini payqagan.
“Tishlarni tozalaydigan konfetlar haqida oldin hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Biz bu yangi narsa ekanini va bozorda o‘z o‘rnimizni egallashimizni his qildik,” — deydi Mors.
Mors pH shakarini iste’mol qilganidan so‘ng, og‘iz bo‘shlig‘i nordon bo‘lishini sezgan. Bu esa kariyesni keltirib chiqaradi. Shuning uchun, u qattiq Zolipop va chaynaladigan Zaffi Taffy konfetlarini tayyorlash uchun tabiiy shira beruvchi ksilitol va eritritoldan foydalangan. Qizcha bu bilan og‘izda nordonlikni kamaytirish, pH’ni muvozanatga keltirish va “iste’mol payti tishlarni tozalash”ga erishgan.
Alina nihoyat shirinlik uchun eng yaxshi retseptni tanlab olib, bir qancha namunalarni sinovdan o‘tkazgach biznesini boshlashga yordam berishga otasini ko‘ndirgan. O‘sha paytda Mors tug‘ilgan kuni va boshqa bayramlarda sovg‘a sifatida jami 3 750 dollar olgan edi. Otasi ham boshlang‘ich investitsiyaga xuddi shuncha miqdorda pul qo‘shgan. Mors bilan birga Michigan shtatidagi turli fabrikalarga borib, ko‘p miqdorda konfet ishlab chiqarish va qadoqlash masalasida shartnoma tuzishga erishgan.
Birinchi yil Mors Whole Foods ulkan savdo do‘konida 70 mingta Zollipop sotgan. To‘rt yil davomida yildan yilgan savdo hajmi ikki barobarga oshib borgan. 2018-yilda esa savdodan tushgan foyda 6 million dollarni tashkil qilgan.
Endi esa Mors 2019-yilda foydani 10 million dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Hozirda kompaniyada olti nafar xodim ishlaydi. Firma mamlakat bo‘ylab ulkan savdo do‘konlariga mahsulot yetkazib beradi.
“Biz hozircha birinchi raqamli shakarsiz xo‘rozqand ishlab chiqaruvchimiz. Lekin biz umuman hamma sohada birinchi raqamli bo‘lishni xohlaymiz. Chunki maqsadimiz buyuk, tariximiz ajoyib, mahsulotimiz esa a’lo darajada. U nafaqat xushta’m, balki sog‘liq uchun foydali ham,” — deydi Mors.
O‘zining yosh ijrochi direktor sifatida qisqa muddatli karyerasi davomida Mors foydali xulosalar chiqargan. Uning fikricha, uning yoshi xaridorlarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Tootsie Roll va Peeps singari konfet ishlab chiqaruvchi yetakchi savdo kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlarda qiz ko‘pincha yoshi katta erkaklarni ko‘rgan.
“Konfetlar dunyosida ajoyib insonlar ishlaydi, ammo shirinlik biznesida bolalar yo‘q. Ayol rahbarlar kamligini, ayniqsa o‘smir rahbarlar yo‘qligini ko‘rgan zahotim, vaziyatni o‘zgartirishga qaror qildim” — deydi Mors.
Mors ba’zan uni yoshi tufayli jiddiy qabul qilishmasligini tan oladi, lekin u bu fikr uning ishiga ta’sir etishiga yo‘l qo‘ymaydi. Alina muvaffaqiyatining sirini qandaydir iqtidor yoki tarbiyaga bog‘liq emas, deb hisoblaydi. U shunchaki qilayotgan ishini yaxshi ko‘radi va boshqalarga ham yordam beradi.
Alina Zollipops’dan tushgan foydaning 10 foizini davlat maktablarida og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasi darslarini moliyalashtirishga sarflaydi. Buni amalga oshirish uchun Amerikadagi kariyes epidemiyasini kamaytirishni maqsad qilgan o‘zining Million Tabassum notijorat tashkilotidan foydalanadi. Shuningdek, u boshqa bolalarni o‘z biznesini boshlashiga ilhomlantirish uchun ma’ruzalar ham o‘qiydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday yoshda biznes boshlash mumkin. Morsning o‘zi bunga jonli dalil.
“Yoshingiz nechada ekani, qayerdan kelganingiz, nima qilishingizning ahamiyati yo‘q. Qilayotgan ishingizga ishtiyoq bilan yondoshishingiz muhim,” — deydi Mors.
Izoh (0)