29-yanvar kuni Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasining ilk markazi ochildi, deb yozadi O‘zA.
Mazkur markaz ish boshlashi munosabati bilan uning faoliyat yo‘nalishlari, maqsad va vazifalariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, ShHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Rahmatulla Nazarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov markazning faoliyat yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. ShHT Bosh kotibi Vladimir Norovning tadbir qatnashchilariga murojaati tinglandi.
Markaz o‘z faoliyatini tashkil etishda ShHTga a’zo davlatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini uyushtirish, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida do‘stona hamkorlik muhitini qaror toptirish uchun zarur sharoitlar yaratishga e’tibor qaratadi. Xalqlarning boy tarixi, madaniy merosi, an’analarini asrab-avaylashda axborot resurslarini shakllantirish yuzasidan ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik qiladi. Turli yo‘nalishlarda axborot-tahliliy materiallar tayyorlab, ularni muntazam chop etadi.
Tadbirda ShHT Xalq diplomatiyasi markazining vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, joriy yilgi rejalariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Anjuman doirasida O‘zbekistonda ta’sis etilgan ShHT Xalq diplomatiyasi markazi bilan “Taraqqiyot strategiyasi“ markazi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Izoh (0)