Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekicton hukumati delegatsiyasi tarkibida Hindistonda bo‘lib o‘tgan “Jo‘shqin Gujarat” xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Muzokaralar natijasida Innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari S.Xo‘jayev, Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov hamda Gujarat shtatining davlat korporatsiyasi — Gujarat Agro Industriyes Corporation rahbari K. Randxava agroklaster tashkil etishga kelishib oldi.
Agroklaster kishloq xo‘jaligi ekinlari va baliqchilik mahsulotlarini yetishtirish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, yetkazib berish va marketingi bilan shug‘ullanadi. Agroklaster Andijon viloyatida 15-20 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida barpo etilib, keyinchalik boshqa viloyatlarga ham tatbiq etilishi kutilmoqda.
Gujarat paxta, yeryong‘oq, tamaki va shakarqamish yetishtirish bo‘yicha Hindistonda yetakchilik qiladi, shuningdek, shtatda bug‘doy, turli dukkakli o‘simliklar, makkajo‘xori plantatsiyalari mavjud. Bundan tashqari, Gujarat sut va saryog‘, go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i va shakar ishlab chiqarishda ilg‘orligi bilan ajralib turadi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Haydarobodning Genom vodiysida faoliyat yuritadigan Bharat Biotech International kompaniyasi rahbari Venkatraman Sivaramakrishnan bilan O‘zbekistonga vaksinalar ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish hamda yuqori sifatli va arzon vaksinalarni ishlab chiqarish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik qilishga kelishdi.
Hamkorlikning birinchi bosqichida kompaniya rotovirusli diareyaning profilaktikasi uchun qo‘llaniladigan vaksinani hozirda O‘zbekiston xarid qilayotgan narxdan 50 foiz arzonga yetkazib beradi. So‘ngra O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun xomashyo bilan ta’minlaydi.
Keyinchalik esa tayyor mahsulotni ishlab chiqarish texnologiyasi O‘zbekistonga to‘liq transfer qilinadi. Bunda o‘zbek-hind davlat xususiy sherikligi tashkil etilib, O‘zbekiston korxona faoliyati uchun zarur yer, ko‘chmas mulk, uskunalar bilan ishtirok etsa, hindistonlik hamkorlar vaksina ishlab chiqarish sohasidagi eng so‘nggi nou-xaular, zamonaviy texnologiyalarni bepul taqdim etadi. Texnik ekspertiza, xodimlarni o‘qitish hamda ishlab chiqarishning boshlang‘ich bosqichini muvofiqlashtirishni o‘z zimmasiga oladi.
Izoh (0)